Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi hududiy boshqarmalarida tuzilgan attestatsiya komissiyalari pedagog xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazish ishlarini boshladi.
Davlat test markazi Axborot xizmati xabariga ko‘ra, attestatsiya jarayoni pedagog xodimning malaka tavsiflariga mosligi, malaka sinovlari (testlar, yozma va ijodiy ishlar) yordamida attestatsiyadan o‘tuvchining mutaxassisligi bo‘yicha bilim darajasi, kasbiy malakasi va pedagogik ko‘nikmalarini aniqlash, o‘quv-metodik, ma'naviy-ma'rifiy va tarbiyaviy ishlarini o‘rganish va tahlil qilish hamda suhbat asosida o‘tkaziladi.
Attestatsiya natijalari bo‘yicha pedagog xodimlarga lavozim yoki malaka toifalari berilganligi to‘g‘risida guvohnoma beriladi.