Turkiya elchisi mamlakat prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on qo‘riqchilarining uning Ekvadorga tashrifi chog‘ida namoyish o‘tkazganlarga qarshi kuch ishlatgani munosabati bilan mazkur Lotin Amerikasi tashqi siyosat mahkamasiga chaqirildi. Bu haqda Ekvador prezidenti Rafael Korrea ma'lum qildi.
Korreaning ta'kidlashicha, namoyish o‘tkazganlar Ekvadorni “yomon tomondan ko‘rsatib qo‘ygan bo‘lsa ham”, Erdo‘g‘on soqchilari boshqa mamlakat hududida o‘zlarini bunday tutmasliklari lozim edi.
Shu bilan birgalikda, prezident norozilik aksiyasi qatnashchilarini ham tanqid qilib o‘tdi. “Erdo‘g‘on haqida kim nimani o‘ylasa o‘ylayversin, ammo u suveren davlat vakili bo‘lgani uchun unga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish kerak”, - dedi Korrea.
Uning ta'kidlashicha, mazkur vaziyat “jiddiy siyosiy mojaro”ni keltirib chiqardi, deya xabar bermoqda El Comercio.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on 4 fevral kuni Ekvador poytaxti Kitoga ikki kunlik rasmiy tashrif bilan borgan edi. 5 fevral kuni u kurdlarning tarafdorlari tomonidan tashkillashtirilgan norozilik aksiyasi bilan kutib olindi.
Turkiya prezidenti tansoqchilari andisha qilib o‘tirmay, qo‘pol tarzda avval namoyishchilarni zaldan itarib chiqardi, keyin esa tashqarida do‘pposlab, ko‘chaga chiqarib tashladi. Ta'kidlanishicha, namoyishchilarning ko‘pchiligini ayollar tashkil etgan. Tansoqchilar o‘z hamyurtlarining oldini olmoqchi bo‘lgan Ekvador qonunchilik organi deputatlarini ham ayab o‘tirishmadi.