2016 yil boshidan beri Turkiyadan Gretsiya orollari tomon dengiz orqali 68 mingdan ko‘proq qochqin o‘tgan, deb xabar berdi 7 fevralda BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha boshqarmasi (UNHCR). UNHCR ma'lumotlariga ko‘ra, 1 fevraldan 6 fevralgacha Turkiyadan Egey dengizi orqali Gretsiyaga 2870 muhojir o‘tgan.
BMT ma'lumotlariga ko‘ra, shu kunlari Turkiyadan Gretsiyaga o‘tgan ko‘pchilik muhojirlar suriyaliklar (55 foiz) bo‘lgan. Shuningdek, muhojirlardan 25 foizi Afg‘onistondan, 11 foizi Iroqdan, 3 foizi Pokistondan bo‘lgan. Bundan tashqari, yil boshidan beri dengiz orqali o‘tishda kamida 366 nafar odam halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan.
Deyarli hamma muhojirlar Gretsiyadan "Bolqon yo‘nalishi" deb ataluvchi yo‘nalish orqali Avstriya va Germaniyaga jo‘naydilar. Ayni vaqtda Gretsiya-Makedoniya chegarasida 5-7 ming odam Makedoniyaga tushishni kutmoqda.
Makedoniyalik chegarachilar faqatgina suriyalik, afg‘onistonlik va iroqlik muhojirlarni kichik guruhlar bilan chegaradan o‘tkazmoqdalar. Mahalliy rasmiylarning aytishicha, boshqa davlatlar fuqarolariga chegarani kesib o‘tishda kontrabandachilar yordam bermoqda.