Lui van Gaal: Biz istalgan raqibni mag‘lubiyatga uchrata oladigan jamoamiz

Sport 09:40 / 03.02.2016 1870

"Manchester Yunayted" jamoasi bosh murabbiyi Lui van Gaal Angliya chempionatining 24 turida "Stok Siti" ustidan qozonilgan 3:0 hisobidagi g‘alabadan keyingi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

"Men ayni vaqtda bag‘oyatda baxtiyor murabbiyman. Men bu o‘yinda shogirdlarimning behad go‘zal gollarini ko‘rdim, gollar jamoaviy tarzda urildi, bu gollarda va g‘alabada himoyachilar ham o‘z hissasini qo‘shishdi. Qayd etish kerakki, biz ikkinchi taym vaqtida o‘yinni nazorat qildik.

Kerrik o‘yindan keyin mening oldimga kelib, birinchi vaziyatdanoq unumli foydalanish, tezkor golning muhimligini eslatdi. Avvalgi o‘yinlarda bizda birinchi taymda ko‘plab golli vaziyatlar bo‘lar, ammo ularni golga aylantira olmasdik. Endi biz yana ham ko‘proq vaziyatlar yaratmoqdamiz va yanada ko‘proq gol urmoqdamiz.

O‘ylashimcha, "Stok Siti"ga qarshi o‘yinda tanaffusga qadar biz hujumkor futbol ko‘rsatdik. Ikkinchi taymda esa to‘pni va o‘yinni nazorat qilishga ko‘proq e'tibor qaratdik hamda raqibga imkoniyat qoldirmaslikka urindik. Bu esa "Stok Siti"dek jamoaga qarshi o‘yinda o‘ta muhimdir. Bu jamoa istalgan vaqtda maydondagi vaziyatni og‘irlashtirib yuborishi mumkin.

Hozir Runi yaxshi sport formasida va u o‘z o‘yinini topib oldi. U ajoyib hujumchi ekanini isbotlamoqda. U keyingi 5ta o‘yinda 5ta gol urdi. U shu holatda o‘ynashda davom etadi.

Avval ham aytganman, istalgan raqibni mag‘lubiyatga uchrata oladigan jamoamiz. Hozir ham shunday fikrdaman. Shunga qaramay, premer-ligada muvaffaqiyatga erishish oson ish emas. Bu yerda kuchli to‘rtlikdan doimiy ravishda joy oladigan va bu doiradan tashqarida turadigan boshqa jamoalarning kuchlarida deyarli farq bo‘lmaydi", deydi van Gaal.

Ko‘proq yangiliklar: