"Lester" jamoasi bosh murabbiyi Klaudio Raneri APLning 24 turi doirasida "Liverpul"ga qarshi kechgan o‘yindan (2:0) so‘ng jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
"Vardining birinchi goli shunchaki aql bovar qilmas darajadagi gol bo‘ldi. Jyeymi o‘ta tez yugurish bilan birga tez fikrlab, tez qaror qabul qiladi. Qolaversa, bu vaziyatda Mahrez ham uni topa oldi va ajoyib pas bilan ta'minladi. Vardi esa to‘pni mohirlik bilan o‘ziga o‘nglab olib hali ortga qaytishga ulgurmagan raqib darvozabonini fantastik zarbasi bilan dog‘da qoldirdi.
Biz bu o‘yinda saviyali raqibga qarshi pressing bilan sifatli o‘yin ko‘rsatdik.
Futbolchilarimning sport formasi a'lo darajada. Hozirda ular yaxshilab dam olishlari va "Manchester Siti"ga qarshi muhim o‘yinga tayyor bo‘lishlari kerak. O‘sha o‘yinda shogirdlarim juda ham ko‘p yugurishlariga to‘g‘ri keladi.
Biz hozirda ham o‘zimizni bosim ostida qolgandek sezmayapmiz. Futbolchilar o‘zlarini juda ko‘ngildagidek his qilishmoqda", deydi murabbiy.