Jahon halol bozori hajmi 2020 yilda 2,6 trln dollarga yetadi

Iqtisodiyot 10:27 / 03.02.2016 3127

Jahonda halol mahsulotlar va islomiy xizmatlari (islom bankingni hisobga olganda) bozori har yili 6,5 foizdan o‘sib, 2020 yilga borib uning hajmi 2,6 trillion dollardan oshadi. Bu haqda Thomson Reuters hamda DinarStandard konsalting kompaniyasining Dubay amirligi buyurtmasiga asosan tayyorlangan global islom iqtisodiyoti to‘g‘risidagi hisobotida so‘z boradi, deyiladi RBK xabarida.

Islomiy shartlar, ya'ni to‘ng‘iz go‘shti, o‘limtik va qon singari taqiqlangan xom ashyolar aralashtirilmay tayyorlangan mahsulotlar hajmi 2020 yilga borib 50 foizga oshadi va 1,585 trln dollarni tashkil etadi.

2014 yilda u 1,13 trln dollar bo‘lib, Xitoy va Amerika mahsulotlar bozoridan ($798mlrd va $741 mlrd) ham oshib ketdi. Uch yildan so‘ng halol mahsulotlar ulushi barcha oziq-ovqat sanoatining 21,2 foizidan iborat bo‘ladi, deyilgandi avvalgi hisobot mualliflari 2014 yilda.

Eng yirik islom davlati — Indoneziyada (aholisi 2015 yil so‘ngida — 257,9 mln kishi) halol mahsulotlar bozori hajmi 2014 yilda 158 mlrd dollarni tashkil etdi. Turkiyada u 110, Pokistonda — $100,5 mlrd, Misrda — $75,5 mlrdga yetdi.

Halol mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha Nestlé korporatsiyasining Malayziyadagi bo‘linmasi —Nestlé Malaysia 1,1 milliard dollarlik pul aylanmasi bilan yetakchilik qilmoqda. Kompaniya hozirda 300dan ziyodroq turdagi halol mahsulotlarni ishlab chiqarmoqda.

Ayni paytda Braziliya, Buyuk Britaniya, Fransiya, JAR va Janubiy Koreya kabi davlatlar investorlari ham halol mahsulotlar ishlab chiqarishga katta qiziqish bildirmoqda. Xususan, 2015 yilda Britaniyadagi A.F. Blakemore & Son Ltd ulgurji yetkazib beruvchisi Bruney hukumatiga tegishli Ghanim International kompaniyasi bilan shartnoma tuzib, mamlakatga Bruneihalal markasi ostida halol mahsulotlar yetkazilishini yo‘lga qo‘ydi. Carrefour va Tesco reteyl tarmoqlari ham o‘zlarining bir qator restoranlarida halol mahsulotlar sotuvini amalga oshirmoqda. Shuningdek, Malayziyaning Marrybrown halol fastfud tarmoqlari ham jahonda keng ommalashmoqda.

Bundan tashqari, Thomson Reuters`ning 2014 yildagi hisobotida halol kosmetika va dori vositalari bozori — $129 mlrd, ko‘ngilochar xizmatlar hajmi esa 179 mlrd dollarga yetdi.

Halol turizm ham keng ommalashmoqda. Umra va haj ziyoratini hisobga olmaganda, islomiy turizm hajmi butun sayyohlik sohasining 11 foizini tashkil etmoqda. Hisobot mualliflarining ma'lum qilishicha, mazkur bozor aylanmasi 230 milliard dollarga yetgan. 2020 yilga borib esa u 233 milliarddan oshadi.

 

Ko‘proq yangiliklar: