O‘zbekistonda 2015 yilda oziq-ovqat sanoatida 16,7 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi

Iqtisodiyot 16:30 / 20.01.2016 4946

2015 yilning 12 oyida O‘zbekistonda oziq-ovqat sanoatining rivojlanish yakunlari bo‘yicha hisobot e'lon qilindi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati xabar bergan.

Real sektor korxonalarida ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni rag‘batlantirish hamda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarishning o‘sishini ta'minladi. 2015 yilning yanvar-dekabr oylarida oziq-ovqat sanoatida ishlab chiqarish umumiy hajmi 16729,2 mlrd so‘mni, o‘sish sur'ati esa o‘tgan yilga nisbatan 114,4 foizni tashkil etdi. Tarmoqning respublika sanoat ishlab chiqarish umumiy hajmidagi ulushi 2014 yilning yanvar-dekabridagi – 17,1 foizdan 18,2 foizga yetdi.

2014 yilga nisbatan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi shakar sanoatida – 23,7 foizga, meva va sabzavot sanoatida – 17,9 foizga, go‘sht va sut sanoatida – 5,7 foizga, yog‘ va moy sanoatida – 3,7 foizga o‘sgani kuzatildi.

Hisobot davrida, o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan, tarmoqning yirik korxonalari tomonidan ishlab chiqarish hajmlari quyidagi mahsulot turlari bo‘yicha oshirildi: go‘sht konservalari – 8,0 martaga, go‘sht va o‘simlik konservalari – 2,0 martaga, shinni (melassa) – 40,9 foizga, margarin va spredlar – 16,5 foizga, marmelad, jyele – 20,2 foizga, uzoq saqlanmaydigan qandolat mahsulotlari – 17,8 foizga, shakar – 16,3 foizga, uzoq saqlanmaydigan boshqa non mahsulotlari – 14,0 foizga, ishlov berilgan suyuq sut – 11,4 foizga, saryog‘ – 7,9 foizga, bug‘doy noni – 6,3 foizga.

Shuningdek, 2014 yilga nisbatan, spirt nastoykalari (113,4 foiz), pivo (105,3 foiz) ishlab chiqarish hajmi oshdi.

Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining asosiy qismi Toshkent shahri (tarmoqning umumiy hajmidagi ulushi 22,2 foiz), Toshkent (18,2 foiz), Samarqand (13,4 foiz) va Farg‘ona (6,5 foiz) viloyatlari korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Tarmoqdagi kichik tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan mahsulot ishlab chiqarish hajmining 2014 yilning shu davriga nisbatan 14,3 foizga oshishi ta'minlandi, hamda ularning oziq-ovqat sanoati jami hajmidagi ulushi 69,0 foizni tashkil etdi.

2015 yilda respublikada 1501ta oziq-ovqat sanoati korxonalari yangidan tashkil qilingan, 2016 yil 1 yanvar holatiga respublikada tarmoqning 8711ta korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: