Futbol bo‘yicha BAA milliy jamoasining to‘rt nafar futbolchisi 15 oktyabr kuni Toshkent shahridagi «Bunyodkor» stadionida O‘zbekiston milliy jamoasiga qarshi kechadigan o‘yinda ishtirok eta olmaydi.
BAA futbol federatsiyasi sayti xabarida himoyachi Kuame Kuadioning sariq kartochkalari to‘planib qolgani, uning ampluadoshi Abdulrahmonda jarohat borligi, yarimhimoyachi Yahyo Nodirning sport formasi joyida emasligi aytilgan, tajribali hujumchi, jamoa to‘purarlaridan biri (30 o‘yinda 12 gol) Fabio de Lima esa shaxsiy sabablarga ko‘ra Toshkentga ucha olmagani ko‘rsatilgan.
JCh-2026 saralashi guruh bosqichining 4-turi doirasida kechadigan muhim o‘yin oldidan mazkur ro‘yxatdagi aynan to‘rtinchi futbolchi bilan bog‘liq holat muhokamalar markaziga chiqdi. Bu u o‘tmishda O‘zbekiston «fuqaroligi»ni olgani bilan bog‘liq.
Asli braziliyalik bo‘lgan Fabio Virjinio de Lima ayni vaqtda 31 yoshda. U 11 yil muqaddam, 2013 yilda O‘zbekiston «fuqarosi»ga aylanib qolgan va BAA chempionatida osiyolik legioner sifatida ro‘yxatdan o‘tgandi. Lekin uning pasporti soxta bo‘lgan va bunday raqamli pasport aslida boshqa odamga tegishli edi.
O‘zbekistonlik futbol mutaxassisi, FIFA tashkiliy qo‘mitasi a’zosi Alisher Nikimbayev ushbu futbolchi bilan bog‘liq tarixni hikoya qilgan. U 2023 yil fevralida o‘zining «Futbolium» telegram-kanalida BAA milliy jamoasida muammosiz to‘p surib kelgan «O‘zbekiston fuqarosi»ning pasporti muddati tugagani haqida xabar qoldirgandi:
«Oddiy tarix. 2010-yillarda BAA klublarida legionerlar limitida osiyolik futbolchiga ajratilgan o‘rin Osiyo mamlakatlari fuqaroligini qabul qilgan boshqa yurt vakillari bilan to‘ldirish harakati boshlangandi. Shu tariqa, Jusiley («Anji»da braziliyalik edi) kabi «falastinlik»lar ko‘payishdi. Falastin pasporti 25 ming dollarga tushishi haqida ham gap-so‘zlar tarqalgandi. Xullas, 2014/2015 yillar mavsumi boshlanishi arafasida, ajoyib kunlardan birida «Al-Vasl» klubi o‘zbekistonlik futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazdi - Fabio de Lima.
Avvaliga hammasi mavhum ko‘rindi. Soliq qo‘mitasi saytida pasport raqamini tekshirish shuni ko‘rsatdiki, bu raqamli hujjat ruscha ism-familiyali ayol yoki erkakka berilgan. Liga klublaridan biri e’tiroz bildirdi, ammo haqiqatni bilishi yoki tagiga yetishi mumkin bo‘lganlarni jazolash asnosida ishni silliq yopishdi. Fabio esa navbatdagi mavsum braziliyalikka aylandi, keyin BAA fuqaroligini oldi va haligacha O‘zbekistonga borishdan qochadi...»
2024 yil oktyabriga kelib ushbu mavzu o‘rtaga chiqqach, Nikimbayev telegram-kanalida navbatdagi postlarni yozib qoldirdi.
«Fabio avvaliga bir pasport raqami bilan zayavka qilingan. Soliq qo‘mitasi sayti tekshirilganida, bunday raqamli pasport egasi ayol kishi bo‘lib chiqdi. Keyin Amirliklar Pro-Ligasi tizimida Limaning yangi pasporti nusxasi paydo bo‘ldi (fotodagi). Va bu pasport raqami tekshirilganida ham slavyancha ism-familiyali boshqa odam chiqib keldi. Norasmiy tekshiruv davomida bu odam topildi va u pasportini go‘yoki Moskvada yo‘qotgani, shu tufayli Toshkentga borishga ruxsat olgunicha ko‘chada yashashga majbur bo‘lganini aytib berdi. O‘zbekiston fuqarosining Moskvada o‘g‘irlangan pasporti nusxasi qanday qilib Amirliklarga borib qolgani - umuman futbolga oid masala emas. Ammo, bilishimcha, O‘zbekistonda [bu borada] rasmiy tekshiruv bo‘lmagan, shuning uchun bu savolga javobni hech kim bilmaydi», deya yozgan mutaxassis birinchi postida.
U ushbu futbolchining O‘zbekistonga kelishiga hech qanday qonuniy to‘siq ko‘rmayotganini qo‘shimcha qiladi.
«Unga nisbatan jinoiy ish ochilgani dargumon. Qolaversa, bunday huquqbuzarliklar uchun da’vo muddati qanday ekanini tekshirish kerak.
Shuni unutmaslik kerakki, Fabio O‘zbekiston fuqarosi sifatida o‘zining “pasporti”ni hech qachon ko‘rmagan va tabiiyki, undan hech qayerda foydalanmagan. Bu qalbaki hujjat faqat Amirliklar chempionatida zayavka qilinish uchun kerak bo‘lgan. Nega u kelmayapti? Aftidan, u ish hali ham ochiq bo‘lishidan qo‘rqadi va tavakkal qilishni istamaydi.
Uning BAA fuqarosi pasportiga kelsak, katta ehtimol bilan, bu masalada barchasi qonuniy», deydi mutaxassis.
Ma’lumot uchun, 2014 yildan buyon «Al Vasl» safida o‘ynab kelayotgan Fabio 2018 yil fevralida OChL guruh bosqichi doirasida «Nasaf»ga qarshi o‘yinga ham kelmagandi. 2024 yil sentabrida esa O‘zbekistonning boshqa bir klubi «Paxtakor» Elit OChL doirasida «Al Vasl» bilan o‘ynadi, Fabio o‘shanda ham Toshkentga kelmadi.
Eslatib o‘tamiz, JCh-2026 saralashi, oxirgi guruh bosqichi A guruhi 4-turi doirasidagi O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi o‘yin 15 oktyabr kuni soat 19:00 da «Bunyodkor» stadionida boshlanadi. Ayni vaqtda guruhda o‘zbekistonliklar 3 o‘yinda 7 ochko to‘plagan holda peshqadamlik qilmoqda, BAA 4 ochko bilan 3-o‘rinda joylashgan.