Hindistonda to‘y mavsumi iqtisodiyotga 70 mlrd dollar keltiradi

Jahon 14:48 / 14.10.2024 2881

Hindistonda navbatdagi to‘y mavsumi boshlanmoqda. Savdo konfederatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu mamlakat iqtisodiyotiga 70 milliard dollardan ortiq daromad keltiradi, deb yozmoqda TASS.

Hindistonliklar uchun to‘y hayotdagi eng muhim voqealardan biri hisoblanadi. Oilalar ushbu tantanaga ancha oldindan tayyorgarlik ko‘radi va farzandlari tug‘ilgan kundan boshlab pul yig‘ishni boshlaydi.

Odatda to‘y mavsumi qishloq xo‘jaligi ishlari yakunlangandan so‘ng boshlanadi, chunki bu paytda ob-havo ochiq osmon ostida ommaviy tadbirlar o‘tkazish uchun qulay bo‘ladi. Kuzgi to‘ylar mavsumi dekabr oyining o‘rtalarigacha davom etadi. Keyin esa yanvar o‘rtalaridan yana boshlanib martgacha davom etadi. Shu vaqt mobaynida turli marosimlar, raqslar va ziyofatlardan iborat millionlab to‘ylar o‘tkaziladi.

Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, bu yil nikohlar soni 4,8 millionga yetishi kutilmoqda, bu o‘tgan yildagi 3,5 million ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqori. Bunday o‘sish to‘y kunini tanlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan qulay astrologik sanalar soni ortgani bilan bog‘liq. O‘tgan yili bunday kunlar 11 tani tashkil etgan bo‘lsa, joriy mavsumda 18 ta bo‘lib turibdi.

Hindistonda kamtarona to‘ylarni ham, dabdabali nikoh kechalarini ham ko‘rish mumkin. Badavlat oilalar orasida marosimning o‘rtacha qiymati taxminan 30 million rupiya (360 ming dollar) atrofida bo‘ladi, bunday to‘ylar bu mavsumda 50 mingta bo‘lishi kutilmoqda. Oddiyroq to‘ylarning budjeti 3,5 ming dollarni tashkil etsa, o‘rta darajadagi to‘ylar har bir oilaga 100-150 ming dollarga tushadi.

Avvalroq Hindistonda bolalarni boylarning to‘yida o‘g‘irlik qilishga o‘rgatadigan “maktablar” paydo bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: