Fransiya radioaktiv chiqindilarni qozon va vilkalarga aylantirishni rejalashtirmoqda

Jahon 15:01 / 14.10.2024 1640

Biroq bu Fransiyadagi ovqatlanish stollari radioaktiv oshxona jihozlari bilan to‘ldirilishini anglatmaydi. Kompaniya faqat “juda past faollikdagi” metallar cho‘yan yoki po‘latga aylantirilishini ma’lum qildi. Qolgan materiallar esa yadroviy chiqindilarni qayta ishlash korxonalariga yuboriladi, deb yozadi Euronews.

Yangi qayta ishlash markazi tasdiqlangan taqdirda, u yopilgan AES yonidagi 15 gektar maydonga quriladi.

“Bu qirq yil davomida 500 ming tonna faolligi past radioaktiv metallarni qayta ishlash imkonini beradi”, — dedi Fessenhaymdagi EDF zavodining sobiq direktori Loran Jarri Fransiyaning Reporterre axborot saytiga.

Ayrimlar radioaktiv materiallar hech qachon xavfsiz bo‘lmasligini ta’kidlamoqda

Past faollikdagi metallar — yadro obektlari demontaj qilingach yoki ishlatilgandan so‘ng, yoxud tabiiy radioaktiv materiallardan foydalanadigan oddiy ishlab chiqarish jarayonlaridan qolgan shag‘al, tuproq yoki metall parchalaridir.

Bunday materiallardan qutulish ishlab chiqaruvchilar uchun doim bosh og‘riqqa aylanadi, chunki boshqa yechim topilmasa, ularni uzoq muddat saqlash uchun pul sarflashga to‘g‘ri keladi.

EDF rejalari Fransiyada birinchi marta kiritilayotgan taklif bo‘lsa-da, Shvetsiya, Germaniya va AQSh allaqachon shunga o‘xshash texnologiyadan foydalanib, metallarni qayta ishlatish uchun quyma holatga keltirishdan oldin ularni radioaktivlikdan “tozalash” usulini qo‘llamoqda.

Ammo hamma ham radioaktiv materiallarga ikkinchi hayot berish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamaydi. Shu sababli jamoatchilik hozirdan boshlab 2025 yil fevraligacha loyihaga ovoz berishi mumkin.

Yadroga qarshi energetika tarafdorlarining ta’kidlashicha, radioaktivlikning xavfsiz chegarasi yo‘q va hatto eng past doza ham inson salomatligi uchun xavf tug‘diradi, masalan, saratonning ba’zi turlari rivojlanish xavfini oshiradi.

Shu sababli qayta ishlash zavodini ishga tushirish uchun Fransiya sog‘liqni saqlash kodeksiga tuzatishlar kiritish talab etiladi. Bundan tashqari ekologik nazorat organlaridan ruxsat olish kerak bo‘ladi.

Fransiya qonunchiligidagi o‘zgarishlar past radioaktiv chiqindilarni ayrim hollarda qayta ishlash mumkinligini anglatadi

2021 yilda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Fransiyaning Radioaktivlik bo‘yicha mustaqil tadqiqotlar va axborot komissiyasi qayta ishlangan mahsulotda har doim oz miqdorda radioaktivlik saqlanib qolishini aniqlagandi (uning miqdori metallga qarab farqlanadi).

2022 yilgacha Fransiya qonunchiligi yadro obektidan chiqadigan barcha chiqindilarni radioaktiv deb hisoblash tamoyiliga asoslanib, past darajadagi radioaktiv chiqindilarni utilizatsiya qilishni taqiqlab kelgan. Fransiya Yadro xavfsizligi boshqarmasi dastlab radioaktiv materiallar aholi orasiga tasodifan tushishidan xavotirlanib, bu g‘oyaga qarshi chiqqan.

Ushbu fransuzcha “ehtiyotkorlik tamoyili”ga 2022 yil fevral oyida past radioaktiv chiqindilarni ma’lum sharoitlarda qayta ishlashga ruxsat beruvchi vazirlik farmoni bilan barham berildi.

Ko‘proq yangiliklar: