O‘zbekistonda 2015 yilda 15,3 trillion so‘mdan ortiqroq yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi

Iqtisodiyot 22:04 / 19.01.2016 5952

O‘zbekistonda 2015 yilning 12 oyida yengil sanoatning rivojlanishi yakunlari e'lon qilindi.

Faoliyat yuritayotgan sanoat korxonalarini texnik va texnologik jihatdan yangilash, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish va raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar yengil sanoat tarmog‘ining yanada rivojlanishini ta'minlanmoqda va tarmoq korxonalari tomonidan 2015 yilning yanvar-dekabrida 15318,1 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi hamda 2014 yilning tegishli davriga nisbatan o‘sish 116,6 foizni tashkil qildi. Tarmoqning jami sanoat hajmidagi ulushi 16,7 foizga yetdi (2014 yil yanvar-dekabrida – 15,5 foiz).

Hisobot davrida, respublika to‘qimachilik sanoati korxonalari tomonidan 8938,9 mlrd. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, bu 2014 yilning yanvar-dekabriga nisbatan 112,1 foizni tashkil qildi. Shu jumladan, ipakchilik sanoatida – 110,4 foiz, paxta tozalash sanoatida – 107,0 foiz, ip-gazlama sanoatida – 122,7 foiz, trikotaj sanoatida – 113,5 foiz.

Shu bilan birgalikda, mahsulot ishlab chiqarish o‘tgan yilga nisbatan tikuvchilik sanoatida – 18,9 foizga, charm-poyabzal sanoatida – 22,0 foizga o‘sgani qayd qilindi.

Hududlar kesimida yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining katta qismi Toshkent shahri (tarmoqning respublikadagi hajmiga nisbatan 14,1 foiz), Andijon (11,7 foiz) , Farg‘ona (11,7 foiz) va Samarqand (9,1 foiz) viloyatlari korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Kichik tadbirkorlik faoliyatining har taraflama qo‘llab–quvvatlanishi natijasida, yengil sanoatda ham kichik biznes sub'yektlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmining keskin o‘sishiga erishildi. Jumladan, kichik biznes sub'yektlari tomonidan hisobot davrida 2014 yilning 12 oyiga nisbatan ishlab chiqarish hajmi 24,7 foizga oshdi hamda ular mahsulotining tarmoqdagi ulushi 59,3 foizni tashkil qildi.

Hozirgi kunda respublikada 8904ta yengil sanoat korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda, ulardan 3476tasi to‘qimachilik, 4684tasi tikuvchilik hamda 712tasi charm-poyabzal yo‘nalishidagi korxonalar hisoblanadi. 2015 yilda 1130ta yengil sanoat korxonalari yangidan tashkil etildi.

Ko‘proq yangiliklar: