2020 yilgacha paxta xomashyosini yetishtirish hajmi 350 ming tonnaga kamayadi

Iqtisodiyot 10:41 / 16.01.2016 7994

2020 yilgacha paxta xomashyosini yetishtirish va uni davlat tomonidan xarid qilish hajmi 3 million 350 ming tonnadan 3 million tonnaga bosqichma-bosqich qisqartiriladi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 15 yanvar kuni mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma'ruzasida ma'lum qildi.

“Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatmoqdaki, shunday hajmdagi yetishtiriladigan paxta hosili, bir tomondan, xomashyoni o‘zimizda chuqur qayta ishlashni inobatga oladigan bo‘lsak, avvalo, to‘qimachilik va yengil sanoatning ana shu xomashyoga bo‘lgan ehtiyojini nafaqat to‘la ta'minlaydi, balki O‘zbekistonning jahon bozoriga paxta tolasi va undan tayyorlanadigan mahsulotlar yetkazib beradigan mamlakat sifatidagi mustahkam mavqeini saqlab qolish imkonini ham beradi”, - dedi yurtboshimiz.

Paxta yetishtirish hajmini 350 ming tonnaga qisqartirish hisobidan 170 ming 500 gektar sug‘oriladigan yer paxtadan bo‘shaydi. Bu jarayonda, albatta, avvalo mamlakatimiz bo‘yicha paxta hosildorligi gektaridan o‘rtacha 26,1 sentnerni tashkil etib turgan bir paytda hosildorligi 12-15 sentnerdan oshmaydigan past bonitetli yerlarni paxtadan bo‘shatishga e'tibor qaratiladi. Asosan sho‘rlangan, shuningdek, paxta yetishtirishga yaroqsiz bo‘lgan tog‘oldi yerlariga g‘o‘za ekilmaydi.

“Bunday qarorga kelishimizning yana bir sababi borki, u ham bo‘lsa, so‘nggi yillarda jahon bozorida paxta tolasining narxi va unga bo‘lgan talabning keskin pasayib ketishi bilan bog‘liqdir, - deya o‘z so‘zini davom ettirdi Islom Karimov. - Paxtadan bo‘shagan ekin maydonlarida avvalo, sabzavot va kartoshka, shular qatorida ozuqa ekinlari, yog‘-moy olinadigan va boshqa o‘simliklar ekiladi, bog‘ va uzumzorlar barpo etiladi”.

Ma'ruzada ekin maydonlarining optimallashtirilishi va zamonaviy agrotexnologiyalarning joriy etilishi natijasida 2020 yilda boshoqli don yetishtirishni 16,4 foizga oshirib, uning hajmini 8 million 500 ming tonnaga yetkazish, kartoshka yetishtirishni 35 foizga, sabzavotni 30 foizga, meva va uzumni 21,5 foiz, go‘sht yetishtirishni 26,2 foizga, sutni 47,3 foiz, tuxumni – 74,5 foizga ko‘paytirish, baliq yetishtirishni 2,5 martaga oshirish ko‘zda tutilayotgani ta'kidlab o‘tildi. Shuningdek, ana shu turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish hajmi sezilarli darajada ortishini ham hisobga olish zarur ekani qayd etildi.

Ko‘proq yangiliklar: