Jahon | 19:04 / 26.03.2025
4717
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Xitoyga tegishli 50 ta kompaniyani sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shdi

Ular sun’iy intellekt, superkompyuterlar va yuqori texnologik chiplarni yaratishdagi ishtiroki uchun «qora ro‘yxat»ga kiritilgan.

Foto: Istock | Getty Images

AQSh Savdo vazirligi Sanoat va xavfsizlik byurosi 80 ta tashkilotni sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shdi, ularning 50 dan ortig‘i — Xitoyga tegishli kompaniyalardir, deb xabar beradi CNBC.

Ro‘yxatdan o‘rin olgan kompaniyalarga nisbatan eksport cheklovlari qo‘llanadi. Xususan, Amerika kompaniyalari ularga AQSh hukumatining alohida ruxsatisiz tovarlar va texnologiyalarni yetkazib bera olmaydi.

Savdo vazirligining qayd etishicha, Xitoy kompaniyalarining aksariyati harbiy maqsadlarda foydalaniladigan sun’iy intellekt, superkompyuterlar va yuqori texnologik chiplarni yaratishdagi ishtiroki uchun «qora ro‘yxat»ga kiritilgan. Ikkita kompaniya Huaweiʼga nisbatan sanksiyalarni buzgani uchun ro‘yxatdan o‘rin olgan. Shuningdek, ro‘yxatga 2023 yilda AQSh sanksiyalariga uchragan Inspur Group — bulutli texnologiya bilan shug‘ullanuvchi kompaniyaning oltita shu’ba korxonasi ham kiritilgan.

Xitoy kompaniyalaridan tashqari sanksiyalar ro‘yxatidan Tayvan, Eron, Pokiston, JAR va BAA kompaniyalari ham o‘rin olgan.

XXR Tashqi ishlar vazirligi AQShning yangi eksport cheklovlarini qoralab, barcha narsaga «milliy xavfsizlik tushunchasini qo‘llashni» to‘xtatishga chaqirdi.

Avvalroq Xitoy bosh vaziri Li Syan xorijiy sanksiyalarga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunni kuchga kiritish to‘g‘risidagi farmoyishni imzolagandi. TIVga ko‘ra, ushbu qonun AQSh va boshqa G‘arb davlatlarining sanksiyalariga javobga aylanadi.

Mavzuga oid