Jahon | 00:51 / 21.03.2025
2263
2 daqiqa o‘qiladi

YeI AQSh tovarlariga javob bojlari joriy etishni aprel o‘rtalariga qoldirdi

Yevropa Ittifoqi birinchi bosqichda AQSh eksportining 4,5 mlrd yevrolik tovarlariga boj joriy etishni rejalashtirayotgan edi.

Foto: RIA Novosti

Yevropa Ittifoqi rasmiylari AQShning YeIdan keltirilayotgan po‘lat va alyuminiy importiga joriy qilgan 25 foizlik bojlariga qarshi chora ko‘rishni aprel o‘rtalariga qadar kechiktirdi, deb xabar beradi Reuters.

Yevropa Ittifoqi 2018 va 2020 yillarda kelishilgan choralarni qayta tiklashni rejalashtirgan edi. Bojlar ikki bosqichda joriy etilishi ko‘zda tutilgan: 1 apreldan AQSh eksportining 4,5 milliard yevroga teng qismi, 13 apreldan esa yana 18 milliard yevrolik tovarlar qamrab olinishi kerak edi. Birinchi bosqichda, xususan, Amerika burboniga 50 foizli boj joriy etilishi rejalashtirilgandi.

«Biz hozirda Yevropa Ittifoqining ikki turdagi qarshi choralarining muddatlarini muvofiqlashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqdamiz. Bu bizga har ikkala ro‘yxat bo‘yicha a’zo davlatlar bilan bir vaqtning o‘zida maslahatlashish imkonini beradi, shuningdek, amerikalik hamkorlarimiz bilan qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazish uchun vaqt yaratadi», — deydi savdo bo‘yicha yevrokomissar Marosh Shefchovich.

Amaldorning so‘zlariga ko‘ra, u AQSh vakillari bilan sanoat tovarlari uchun import bojlarini pasaytirish bo‘yicha biroz progressga erishgan.

Yevroittifoq mart o‘rtalarida Amerika tovarlari, jumladan, alkogol ichimliklariga javob bojlarini e’lon qilgandi. Shunda AQSh prezidenti Donald Tramp aprel boshidan YeIdan keladigan barcha alkogol mahsulotlariga 200 foizli boj joriy etish bilan tahdid qildi.

Avvalroq AQSh va Yevropa o‘rtasidagi savdo urushidan ko‘riladigan zarar qariyb 10 trillion dollarga baholangan edi. Mutaxassislarga ko‘ra, Donald Tramp boshlagan savdo urushi nafaqat tovarlar oqimiga, balki investitsiyalarga ham zarar yetkazishi mumkin.

Mavzuga oid