Jahon | 15:28 / 20.03.2025
2290
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQSh Ta’lim vazirligini tugatish to‘g‘risida farmon imzolamoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp federal darajadagi vazirlikni yo‘q qilish bo‘yicha ilk tarixiy jarayonni boshlab, Ta’lim vazirligini yopish va uning vakolatlarini shtatlarga topshirishni amalga oshirmoqda.

Trampning ta’lim sohasidagi islohotlariga qarshi piket. Foto: Reuters

Tramp 20 mart kuni vazirlikni tugatish jarayonini rasman boshlaydigan farmonni imzolashi kutilmoqda. Bu haqda USA Today birinchilardan bo‘lib xabar berdi, ma’lumotni The Wall Street Journal ham tasdiqladi.

Farmon Oq uyda rasmiy marosimda imzolanadi. Unda bir nechta respublikachi gubernatorlar va ta’lim masalalari bo‘yicha komissarlar ishtirok etadi.

Farmonda Tramp Ta’lim vaziri Linda Makmeonga vazirlikni tugatish va uning vazifalarini shtatlarga topshirish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rishni topshiradi. Shuningdek, hujjatda amerikaliklar tayangan xizmatlar, dasturlar va imtiyozlarni uzluksiz ta’minlash talabi qo‘yiladi.

Vazirlikning tugatiligi Kongress tomonidan ma’qullanishi talab qilinadi. Senatda respublikachilar ko‘pchilik ovozni olish uchun yana yetti demokrat senatorning qo‘llab-quvvatlashi kerak, ammo bunday yordamga erishish ehtimoli juda past, deb yozmoqda Reuters.

AQSh ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, Trampning bu farmoni talabalar kreditlari va imkoniyati cheklangan bolalarga mo‘ljallangan ta’lim dasturlariga ta’sir qilmaydi. Ammo The Wall Street Journal ta’kidlashicha, Oq uy hali bu kabi ijtimoiy dasturlar qanday saqlab qolinishi haqida aniq tushuntirish bermagan.

Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Harrison Fildsga ko‘ra, bu qaror «ota-onalar, shtatlar va jamoalarga ta’limni o‘z nazoratiga olish imkonini berib, o‘quvchilarning natijalarini yaxshilash» maqsadida qabul qilinmoqda.

Hujjatda vazirlik tashkil etilganidan 1979 yildan buyon uch trln dollardan ortiq mablag‘ sarflangani, ammo o‘quvchilarning akademik ko‘rsatkichlari yaxshilanmagani ta’kidlangan.

Ta’lim vazirligini tugatish Trampning saylovoldi kampaniyasidagi asosiy va’dalaridan biri edi. U bu idora faoliyatini «katta firibgarlik» deb atagan. Yanvarda prezident lavozimiga kirishganidan so‘ng, vazirlik xodimlar sonini qariyb ikki baravar qisqartirdi — 4133 tadan 2183 nafargacha.

Biroq, naq 20 ta shtatning bosh prokurorlari bu qarorga qarshi chiqib sudga shikoyat qilgan. Ular Trampga vazirlikni tugatish va xodimlarni ishdan bo‘shatishni taqiqlashni talab qilmoqda.

Agar Trampning bu rejasi amalga oshgudek bo‘lsa, AQSh tarixida federal darajadagi vazirlik birinchi marta tugatiladi.

Avvalroq, Tramp va Ilon Mask boshchiligidagi Davlat samaradorligi departamenti (DOGE) USAID va USAGM agentliklarini yopishga harakat qilgan, biroq Kongress bu tashabbusni rad etgan edi.

Mavzuga oid