Jahon | 17:58 / 20.03.2025
2089
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Milliy temiryo‘l yo‘lovchi korporatsiyasi rahbari Ilon Mask sabab iste’foga chiqdi

Mart boshlarida Ilon Mask aksariyat ulushi davlatga tegishli ushbu korporatsiyani xususiylashtirish kerakligini aytgandi.

Foto: Getty images

Amerika Milliy temiryo‘l yo‘lovchi korporatsiyasi (Amtrak) bosh direktori Stiven Gardner iste’foga chiqdi. CNN’ga ko‘ra, iste’foga Ilon Mask boshchiligidagi Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) tomonidan Amtrak’ni xususiylashtirish zarurligi haqida berilgan bayonot sabab bo‘lgan.

Amtrak 1971 yilda tashkil etilgan. Uning aksariyat ulushi davlatga tegishli bo‘lib, korporatsiya direktorlar kengashi a’zolarini AQSh prezidenti tayinlaydi va Senat tasdiqlaydi. Kompaniya AQShning 46 shtati, Kolumbiya okrugi va Kanadaning ikki provinsiyasida yo‘lovchi temiryo‘l tashish xizmatlarini ko‘rsatadi. 2024 yilda kompaniya rekord darajada — 32 million yo‘lovchini tashigan.

O‘z bayonotida Gardner «Amtrak hozirgi ma’muriyatning to‘liq ishonchi va hurmatiga sazovor bo‘lishda davom etishini kafolatlashni istashini» yozgan.

Mart oyining boshida Ilon Mask imkon qadar hamma narsani xususiylashtirish kerakligini, bunga AQSh pochta xizmati va Amtrakʼni misol qilib keltirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «boshqa mamlakatlar AQShdan ancha sifatli yo‘lovchi tashish xizmatlarini taklif qila olishi achinarli holat».

«Amtrak juda achinarli ahvolda. Agar siz boshqa mamlakatdan bo‘lsangiz, iltimos, bizning milliy tashuvchilarimizdan foydalanmang. Aks holda, Amerika haqida juda yomon taassurotga ega bo‘lasiz», — degan Mask. Shuningdek, u xususiylashtirish jarayoni odatda «yaxshilanishga olib kelishi»ni ta’kidlagan.

Mavzuga oid