Jahon | 21:54 / 20.03.2025
3790
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq Rossiya aktivlarini musodara qilish muhokamasini to‘xtatdi

Ta’kidlanishicha, ushbu aktivlar Ukrainaga qarshi tajovuzkor urush to‘xtamagunga qadar harakatsiz qolishi kerak.

Foto: Getty images

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilish bo‘yicha muhokamalarni to‘xtatdi. Bu haqda Deutsche Welle YeIning 20 mart kungi sammitiga oid ma’lumotlarga tayanib xabar berdi.

«Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga muvofiq, Rossiya aktivlari Ukrainaga qarshi tajovuzkor urush to‘xtamaguncha va urush oqibatida yetkazilgan zarar qoplanmaguncha, harakatsiz qolishi kerak», — deyiladi matnda.

Yevropalik diplomatlardan birining nashrga ma’lum qilishicha, Yevropa o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik muzokaralari haqida o‘ylay boshlagan, «odamlar ushbu aktivlarni musodara qilishdan ko‘ra, ularga egalik qilish muhimroq ekanini tushunib yetmoqda».

Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilish imkoniyati Rossiya—Ukraina urushi boshlanganidan beri muhokama qilib kelinadi. Qaysidir bosqichda Yevroittifoq buning uchun yuridik asos topib bo‘lmasligi haqida xulosaga kelgan. Ammo Bloombergʼning yozishicha, musodara muhokamasi davom ettirilgan.

Yevropa Ittifoqida Rossiyaning 260 milliard yevrolik aktivlari muzlatilgan. Urush boshlanganidan keyin ulardan foydalanish orqali tushayotgan foizlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus fondga o‘tkazilmoqda.

G7 davlatlari Rossiya Markaziy bankining g‘arbda muzlatilgan mablag‘larini foydalanishdan keladigan daromaddan Ukrainaga 50 milliard dollar kredit ajratishga kelishib olgan. Rossiya muzlatilgan mablag‘larining aksariyati Belgiyaning Euroclear depozitariylarida saqlanadi.

Mavzuga oid