O‘zbekiston | 09:13
4504
4 daqiqa o‘qiladi

«Yashasin Fransiya va O‘zbekiston do‘stligi!» - Makron qabul marosimida

Mirziyoyev Makronga yozuvchi Viktor Gyugoning o‘zbek tiliga tarjima qilingan «Kulayotgan odam» romanining ilk nusxasini sovg‘a qildi. Makron esa O‘zbekiston rahbariga XIX asrda fransuz fotografi Pol Nadar tomonidan Jizzaxda olingan fotosuratni sovg‘a qilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Fransiya Respublikasi prezidenti Emmanuel Makron Yelisey saroyida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev sharafiga davlat qabul marosimini uyushtirdi.

Qabulda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari, Fransiya bosh vaziri Fransua Bayru boshchiligida Vazirlar Mahkamasi a’zolari, taniqli madaniyat, san’at va fan arboblari, ishbilarmon doiralar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Davlat rahbari Emmanuel Makron va uning rafiqasi Brijit Makronga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, bugun bo‘lib o‘tgan muzokaralar tarixiy ahamiyatga ega ekanini, ularning natijasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Fransiya yetakchisi bugun o‘tkazilgan muzokaralar natijalarini va imzolangan bitimlarni olqishladi.

«Bir necha yil ichida biz energetika, suv resurslarini boshqarish, kommunal xizmatlar, transport, barqaror turizm kabi muhim sohalarda uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga erishdik. Buning dalili sifatida Fransiya hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi ko‘magida fransuz kompaniyalari O‘zbekistonga investitsiya kiritayotgani, hududlarda qo‘shilgan qiymat va ish o‘rinlari yaratilayotgani, yoshlar kasb o‘rganib, hayotda o‘z o‘rnini topayotganini keltirishim mumkin», dedi Emmanuel Makron.

Tomonlar xalqlarimiz farovonligi yo‘lida O‘zbekiston-Fransiya hamkorligini yanada mustahkamlashga qat’iy intilishlarini bildirdilar.

«Yashasin O‘zbekiston, yashasin Fransiya!»

Makron Yelisey saroyida uyushtirilgan qabul marosimi vaqtidagi nutqida o‘zbek tilida mulozamat ko‘rsatdi.

«Yashasin O‘zbekiston, yashasin Fransiya! Yashasin Fransiya-O‘zbekiston do‘stligi!» – degan u.

Bundan tashqari, u o‘zining Instagram sahifasida ham tashrif yuzasidan postini ikki tilda – o‘zbek va fransuz tillarida yozgan.

«Parijga xush kelibsiz, hurmatli Shavkat!

Mazkur davlat tashrifi bilan birga, biz Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada yuksaltirib, kelajakka yo‘naltirilgan sheriklik uchun berilgan va’dani bajaramiz.

Yashasin O‘zbekiston, yashasin Fransiya!» – deb yozdi Makron.

Fransiya prezidenti O‘zbekiston rahbariga XIX asrda fransuz fotografi Pol Nadar tomonidan Jizzaxda olingan «Amir Temur darvozasi. Sangzor daryosi bo‘sag‘asida» nomli fotosuratni sovg‘a qilgan.

«Bu mening vatanim», degan Shavkat Mirziyoyev va hamkasbini bag‘riga bosib qo‘ygan. Fransiya prezidenti fotosurat ikki davlat o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa ramzi hisoblanishini ta’kidlagan.

O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, Yelisey saroyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev Emmanuel Makronga fransuz yozuvchisi Viktor Gyugoning o‘zbek tiliga tarjima qilingan «Kulayotgan odam» romanining ilk nusxasini sovg‘a qildi.

Ushbu kitob ommaviy nashrdan chiqishi va tez orada kitobxonlar e’tiboriga havola etilishi kutilayotgani qo‘shimcha qilingan.

 

Mavzuga oid