Jahon | 09:15
4539
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Ukraina o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga rozi

Jiddadagi muzokaralardan so‘ng Ukrainaning o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuviga javoban AQSh vakillari Kiyevga yordamni zudlik bilan qayta boshlashini ma’lum qildi.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Ukraina AQShning 30 kunlik otashkesim o‘rnatish taklifiga rozi bo‘ldi, endi Vashington Rossiyani ishontirishi kerak. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 11 mart, seshanba kuni kechki nutqida Kiyev va Vashington vakillari o‘rtasidagi muzokaralar natijalarini sharhlar ekan, aytib o‘tdi.

Unga ko‘ra, Saudiya Arabistonidagi muzokaralarda Kiyev uchta taklifni ilgari surgan: «osmonda sukunat», «dengizda sukunat» va «asirlarni ozod qilish». Bunga javoban, Zelenskiy ta’kidlaganidek, Amerika tomoni oldinga birinchi qadamni qo‘yishni taklif qildi va 30 kun davomida suvda, havoda va butun front chizig‘i bo‘ylab to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish rejimini o‘rnatishga harakat qiladi. «Ukraina bu taklifni qabul qilmoqda, biz buni ijobiy deb hisoblaymiz, biz shunday qadam tashlashga tayyormiz. AQSh Rossiyani bunga ishontirishi kerak. Ya’ni, biz rozimiz, agar ruslar rozi bo‘lsa sukunat hukm suradi», — dedi Ukraina prezidenti.

AQSh Ukrainaga yordam taqdim etishni tikladi

Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga yordam berishni davom ettiradi. Ukraina esa AQShning Rossiya bilan 30 kunlik sulh tuzish haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda Saudiya Arabistonining Jidda shahrida 11 mart, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan Amerika va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha tarqatilgan qo‘shma bayonotda aytiladi. Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar Ukraina bilan razvedka ma’lumotlarini almashishdagi pauzani darhol bekor qiladi.

Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermakning ta’kidlashicha, Ukraina AQShning zudlik bilan 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etish bo‘yicha taklifini qabul qilishga «tayyorligini» bildirdi, u agar Rossiya tomonidan qabul qilinsa va bir vaqtning o‘zida amalga oshirilsa, tomonlarning o‘zaro kelishuvi bilan uzaytirilishi mumkin. «AQSh Rossiya Federatsiyasiga tinchlikka erishishning kaliti Rossiya tomonining munosabati ekanligini ma’lum qiladi», — deb yozgan Yermak o‘zining Telegram-kanalida. Delegatsiyalar shuningdek, Kiyev va Moskva o‘rtasidagi harbiy asirlarni almashish va ukrainalik bolalarni majburan qaytarish masalasini ham muhokama qilishgan, dedi Yermak. Qo‘shma Shtatlar ushbu aniq takliflarni Rossiya vakillari bilan muhokama qilish majburiyatini oldi, deya qo‘shimcha qildi Ukraina prezidenti devoni rahbari.

Ukraina va AQSh o‘rtasida Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng tomonlar imkon qadar tezroq Ukraina mineral resurslarini birgalikda o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuv tuzishga ham kelishib oldilar.

Financial Times nashrining yozishicha, muzokaralarni ikkinchi kuni ham davom ettirish rejalashtirilmagan.

Mavzuga oid