Jahon | 20:43 / 12.03.2025
12603
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya qo‘shini Sudjaga kirdi

Zelenskiy Kursk oblastidagi vaziyatga to‘xtalib, Ukraina harbiy qo‘mondonligi jangchilarning hayotini saqlab qolayotganini aytdi.

Stanislav Krasilnikov / RIA Novosti / Sputnik / Profimedia

12 mart kuni ertalab Rossiyadagi urushni yoqlovchi telegram-kanallarda Sudja markazida Rossiya bayrog‘ini o‘rnatayotgan harbiylar aks etgan videolar tarqaldi.

Videoyozuvlar tahlili ukrainalik harbiylar shahar hududini butunlay tark etganini tasdiqlaydi.

Conflict Intelligence Team surishtiruv loyihasi asoschisi Ruslan Leviyev ham «amalda hozirning o‘zidayoq butun Sudja shahri Rossiya qo‘shinlari nazoratiga o‘tdi, deyish mumkinligi»ni aytib, Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari o‘z pozitsiyalarini uyushgan tarzda tark etayotgani va ruslar hududlarni deyarli jangsiz qaytarib olayotganini ta’kidladi.

«Biz Rossiya qo‘shinlari nazoratiga bosqichma-bosqich o‘tgan barcha hududlar deyarli jangsiz qo‘lga kiritilganiga guvoh bo‘ldik. Sudja bilan ham shunday bo‘ldi. Kecha [11 mart kuni] shaharning sharqiy chekkasida Rossiya qo‘shinlari joylashgani haqida videoyozuvlar paydo bo‘ldi. Bugun biz Rossiya qo‘shinlarini shaharning bu chekkasida ko‘ryapmiz. Yana hech qanday jang lavhalari yo‘q... Aslida, hozirning o‘zidayoq aytish mumkinki, butun Sudja shahri Rossiya qo‘shinlari nazoratiga o‘tdi», – dedi Leviyev.

U yaqin soatlar ichida Ukraina harbiylari Kursk oblastini butunlay tark etishini taxmin qilgan: «Ehtimol, bu hikoya bugun tugar. Ehtimol, yana bir-ikki kun chegaradagi qishloqlarni ushlab turishga urinishar. Ammo umuman olganda, Kursk platsdarmi tarixi nihoyasiga yetmoqda va Ukraina qo‘shinlari ketmoqda».

Rossiya Mudofaa vazirligiga yaqin bo‘lgan Rybar telegram-kanali ham Ukraina qurolli kuchlari so‘nggi bir necha kun ichida o‘zining eng tajribali bo‘linmalarini Kursk oblastidan uyushgan tarzda olib chiqib, Donetsk oblastiga ko‘chirgani haqida yozgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi ertalabki kundalik hisobotida beshta aholi punkti ozod qilingani haqida xabar bergandi – bular Kazachya Loknya, 1-Knyajiy, 2-Knyajiy, Zamoste va Mirniy. Ularning dastlabki uchtasi Sudjadan shimolda, oxirgi ikkitasi janubdan shahar bilan bevosita chegaradosh. Shu bilan birga, ma’lumotda Sudjaning o‘zi haqida hech narsa aytilmagan.

Kiyev Rossiya armiyasining Kursk oblastidagi hujumiga rasman hech qanday izoh bermayapti. «RBK-Ukraina» Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi 10 va 11 mart kunlari rasman e’lon qilgan kundalik jang xaritalarida Ukraina harbiylari nazoratidagi hudud maydoni sezilarli darajada qisqarganiga e’tibor qaratgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy matbuot brifingida Ukraina qurolli kuchlari Rossiya hududidan chekinishiga izoh berib, qo‘shinlar Kursk oblasti hududida vazifalarni bajarayotgani, qo‘mondonlik esa jangchilarning hayotini saqlab qolishga harakat qilayotganini bildirdi.

«Kursk oblasti hududidagi qo‘shinlarimiz o‘z vazifalarini bajarmoqda. Ruslar bizning qo‘shinlarimizga imkon qadar jiddiy bosim o‘tkazishga harakat qilmoqda. [Ukraina] harbiy qo‘mondonligi qilishi kerak bo‘lgan ishni qilmoqda: askarlarimiz hayotini saqlab qolish uchun maksimal harakat qilmoqda», – dedi Ukraina rahbari.

Rossiya qo‘shinlari o‘tgan hafta davomida AQShning Ukraina bilan razvedka ma’lumotlari almashinuvini vaqtincha – 5 martdan 11 martgacha to‘xtatganidan foydalanib, Kursk oblastida keng ko‘lamli yurishga o‘tgan va bir qator aholi punktlarini ozod qilishga muvaffaq bo‘lgandi.

Urushgacha besh ming kishi yashagan Sudja rayoni markazi 2024 yil avgust oyi o‘rtalaridan beri ukrainlar tomonidan ishg‘ol etib turilgandi – bu Ukraina harbiylari Kursk oblastida egallab olgan shahar maqomiga ega yagona aholi punkti edi.

Mavzuga oid