Jahon | 10:27
2408
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyaning 13 ta aeroportida ish tashlash boshlandi

Ver.di kasaba uyushmasi ish haqi bo‘yicha davom etayotgan bahs doirasida Germaniyaning 13 aeroportida bir kunlik ogohlantiruvchi ish tashlash o‘tkazmoqda.

Foto: Frank Hoermann/SVEN SIMON/dpa/picture alliance

10 mart, dushanba kuni Germaniyaning eng yirik aeroportlarida 24 soatlik ogohlantiruvchi ish tashlash boshlandi. Ver.di nemis kasaba uyushmasi aeroport operatorlari, yer xizmati xodimlari va aviatsiya xavfsizligi xodimlarini norozilik namoyishiga chiqishga chaqirdi.

Ish tashlash Berlin-Brandenburg, Shtutgart, Keln/Bonn, Dyusseldorf, Dortmund, Myunxen, Hamburg, Frankfurt-Mayn, Hannover, Bremen va Leypsig/Galle aeroportlariga ta’sir qiladi. Vetse va Karlsrue/Baden-Baden aeroportlarida faqat yo‘lovchilar, xodimlar, yuk va tovarlarni tekshirish zonalarida, shuningdek, xizmat ko‘rsatish bo‘limlarida ishlovchi aviatsiya xavfsizligi xodimlari ish tashlashga chiqadi.

Germaniya aeroportlari assotsiatsiyasi ADV hisob-kitoblariga ko‘ra, Ver.di tomonidan e’lon qilingan ish tashlash natijasida 3400 dan ortiq reyslar bekor qilinadi, bu esa 510 000 ga yaqin yo‘lovchiga ta’sir qiladi. Kasaba uyushmasi ish haqini 8 foizga oshirishni, lekin oyiga 350 yevrodan kam bo‘lmasligini talab qilmoqda, shuningdek, mashaqqatli mehnat uchun bonuslar va xodimlarga qo‘shimcha dam olish kunlari berilishi so‘ralmoqda. Ver.di o‘z bayonotida ish tashlash «taxminan 25 ming xodimning ish sharoitlarini yaxshilash» uchun zarur ekanligini bildirdi.

Hamburg aeroportida e’lon qilinmagan ish tashlash

9 mart kuni, e’lon qilingan keng ko‘lamli ish tashlashdan bir kun oldin, Hamburg aeroportida yerusti xodimlarining e’lon qilinmagan ish tashlashi bo‘lib o‘tdi. Aeroport vakili dpa agentligiga rejalashtirilgan 144 ta qo‘nish va 139 ta parvozdan atigi 10 ta ertalabki reyslar belgilangan tartibda amalga oshirilgani, qolganlari esa bekor qilinganini aytdi. Ish tashlash 40 mingga yaqin yo‘lovchiga ta’sir ko‘rsatdi. NDR telekanalining xabar berishicha, ko‘plab yo‘lovchilar yuklarini ro‘yxatdan o‘tkazishgan va ularni qaytarib ololmagani uchun qiyinchiliklarga duch kelishgan.

Germaniya havo harakatini nazorat qilish xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bir kunda Germaniya aeroportlarida 6000 ga yaqin parvoz va qo‘nish, shuningdek, Germaniya havo bo‘shlig‘i orqali 3000 ga yaqin tranzit parvozlar amalga oshiriladi.

Mavzuga oid