Jahon | 20:11 / 09.03.2025
19524
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik harbiylar Sudjaga gaz quvuri orqali hujum qildi

Ukraina Bosh shtabi rossiyalik harbiylar Sudja chekkalariga kirib kelish va o‘rnashib olish maqsadida yer ostidan o‘tgan gaz quvuri orqali harakatlangani, biroq «o‘z vaqtida aniqlangani» haqida xabar bergan.

Foto: Videodan kadr

Rossiya harbiylari Kursk oblastining o‘tgan yil avgustidan beri Ukraina qurolli kuchlari nazoratida bo‘lgan chegaradagi Sudja shahriga hujum uyushtirdi. Ular frontorti hududiga kirib borish uchun «Urengoy – Pomari – Ujgorod» gaz quvuri tarmog‘idan foydalangan. Rossiya 2025 yil 1 yanvarga qadar ushbu quvurda Ukraina hududi orqali Yevropaga gaz yetkazib bergan.

Yer ostidan o‘tgan quvur orqali amalga oshirilgan ushbu amaliyot haqidagi ma’lumotlar dastlab rossiyaliklarning harbiylashgan telegram-kanallarida keng tarqaldi (xuruj aks etgan videolar: birikkiuch). 8 mart kuni kechqurun Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi bu ma’lumotni tasdiqladi.

Rossiyalik harbiy muxbirlar va propagandachilarning ma’lumotlariga ko‘ra, 100 kishigacha bo‘lgan bo‘linma bir hafta davomida diametri 1,4 metr bo‘lgan yer osti gaz quvuri orqali harakatlangan. Shu tariqa, ular qariyb 16 kilometr masofani bosib o‘tishgan. Harbiylar ikki kun quvurda emaklab yurishgan va yana to‘rt kun tashqariga chiqish uchun kutishgan.

Ta’kidlanishicha, kutilmagan xuruj «Veteranlar» xususiy harbiy kompaniyasi, «Axmat» maxsus topshiriqli bo‘linmasi hamda Rossiya qurolli kuchlarining 30-motoo‘qchi polki harbiylari tomonidan uyushtirilgan. «Veteranlar» oldin ham shunday amaliyot qo‘llagan – uning a’zolari 2024 yil yanvarida Donetsk oblastidagi Avdiyivkaning janubiy chekkasiga bostirib kirish uchun yerosti yo‘lidan foydalangandi.

Z-sharhlovchilar hujum natijalarini turlicha baholamoqda. Harbiy muxbir va ko‘ngilli Vladimir Romanov hamda propagandachi Anastasiya Kashevarovaning ta’kidlashicha, amaliyotga yaxshi tayyorgarlik ko‘rilmagan (masalan, harbiylarga go‘yoki suv va oziq-ovqat yetishmagan, ventilyatsiya bilan bog‘liq muammolar ham hal etilmagan), natijada bir necha jangchi metandan zaharlanib, halok bo‘lgan. Harbiy xizmatchi va bloger Yegor Guzenkoning aytishicha, Rossiya kanallarida quvurda harakatlanayotgan harbiylar aks etgan kadrlar bevaqt e’lon qilingani «dushmanga qo‘l kelgan», platsdarmni mustahkamlash uchun esa yana bir hafta kerak edi.

Ukraina qurolli kuchlari vakillari rossiyalik harbiylarning yerosti quvuri orqali uyushtirgan hujumi ular uchun kutilmagan holat bo‘lmaganini ma’lum qildi. Ukraina bosh shtabida ta’kidlashlaricha, rossiyaliklarni Ukraina qurolli kuchlari desant-shturm qo‘shinlarining aerorazvedka bo‘linmalari «o‘z vaqtida aniqlagan», shundan so‘ng ularning ustiga raketa va artilleriya zarbalari berilgan.

Ukraina qurolli kuchlari Sudjadan ikki kilometr shimoli-sharqda, quvur temiryo‘l bilan kesishgan nuqtada Rossiya bo‘linmalariga zarbalar berilgani aks etgan videoni e’lon qildi. «Hozirda Rossiya maxsus kuchlari aniqlanmoqda, bloklanmoqda va yo‘q qilinmoqda. Dushmanning Sudja hududidagi yo‘qotishlari juda katta», – deya ma’lum qilgan Ukraina Bosh shtabi.

Rossiya hukumati ta’siridagi nashrlar esa buning aksini xabar qilmoqda. Shot manbalariga ko‘ra, Rossiya harbiylari Sudjaga bir necha yo‘nalishda hujum qilmoqda. Xususan, 9 mart kuni ertalab Cherkasskoye Porechnoye va Kositsa aholi punktlari tozalangan. Shuningdek, Martinovka va Malaya Loknyada ham faol harbiy harakatlar davom etmoqda, deya xabar bergan joylardagi harbiylar. Shuningdek, Rossiya armiyasi Sudjadan 10 kilometr masofadagi Lebedevka qishlog‘ini egallagan.

Rossiya Mudofaa vazirligi Sudjaga yer ostidan qilingan xuruj va shaharga bir necha tomondan qilinayotgan yurish yuzasidan rasman hech qanday izoh bermadi.

Mavzuga oid