Jahon | 09:12 / 06.03.2025
5153
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya qo‘shinlari Kriviy Rigdagi mehmonxonaga zarba berdi: qurbonlar bor

Rossiya raketasi Kriviy Rigdagi mehmonxonaga kelib tushdi. Kamida ikki kishi halok bo‘ldi, yana 29 kishi yaralandi, deya xabar berdi mahalliy hukumat.

Foto: Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati

5 mart, chorshanba kuni kechqurun Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Dnipropetrovsk oblastidagi Kriviy Rig shahriga raketa zarbasi berdi. Raketa besh qavatli mehmonxonaga kelib tushdi, deya xabar bermoqda Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati. Rossiya zarbasi natijasida kamida ikki kishi halok bo‘ldi, yana 29 kishi yaralandi, ulardan 20 nafari og‘ir ahvolda, dedi Kriviy Rig mudofaa kengashi raisi Aleksandr Vilkul. Dnipropetrovsk oblasti ma’muriyati rahbari Sergey Lisakning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanganlar orasida bir bola ham bor.

Odamlar vayronalar ostida qolishi mumkin, deya xabar berdi Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati.

Zarbadan biroz oldin Ukraina harbiy-havo kuchlari Rossiya Federatsiyasi tomonidan ballistik qurollar qo‘llanishi va «Kriviy Rigdagi nishon» tahdidi haqida ogohlantirgan. Shu kuni kechqurun Ukraina harbiylari Dnipropetrovsk, Donetsk, Sumi, Xarkiv va Chernixiv oblastlarida Rossiyaning uchuvchisiz uchoqlari va boshqariladigan bombalari tahdidi haqida xabar berishdi.

Kriviy Rig Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning ona shahri hisoblanadi, deya xabar beradi AFP. To‘liq miqyosli urush boshlanganidan beri u muntazam ravishda Rossiyaning o‘qqa tutishiga duchor bo‘ldi. Bundan 10 kun avval, 23 fevralga o‘tar kechasi Rossiyaning shaharga bergan raketa zarbasi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, besh kishi yaralangan edi. Kriviy Rig front chizig‘idan taxminan 70 kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan.

Mavzuga oid