“Chorsu” mehmonxonasini buzish boshlandi. Bunga qancha vaqt ketadi?

O‘zbekiston 19:05 / 18.01.2025 23071

1982 yil qurilib, qariyb 20 yil foydalanilgan, ammo 2000 yildan so‘ng qarovsiz holga kelib qolgan “Chorsu” mehmonxonasi buzilmoqda. Kun.uz muxbiri obekt hududida bo‘lib, buzish sabablari, u qancha vaqt davom etishi, qurilish chiqindilari qayerga olib borilishi haqida loyihaga aloqador mas’uldan izoh oldi.

Texnik ekspertizaga ko‘ra, binoning temir-beton konstruksiyalari yog‘ingarchilik va atrof-muhit ta’siri tufayli jiddiy deformatsiyaga uchragan va qisman buzilgan. Armatura sterjenlari 20 foizgacha o‘z maydonini yo‘qotgan va korroziyaga uchragan. 14-qavat va undan yuqori bo‘lgan barcha ustunlar hisob-kitob talablariga javob bermaydi. Shunga binoan, mehmonxonani rekonstruksiya qilish mumkin emas.

Buzish jarayonlari qancha vaqt davom etadi?

“Bugungi kunda sobiq “Chorsu” mehmonxonasini buzish jarayonlari boshlangan. Ushbu mehmonxonani qayta ta’mirlash ko‘zda tutilgan edi, lekin talablarga javob bermasligini inobatga olgan holda qayta ta’mirlash ishlari to‘xtatilgan. Hozir bu yerda tayyorgarlik ishlari ketyapti, ya’ni maxsus texnika binoga kirishi uchun joy tayyorlanmoqda. Tayyorlik ishlari yakunlanib, buzish ishlari boshlangandan so‘ng, taxminan 5-6 oy muddat talab qiladi”, - deydi “GrandPR” MChJ menejeri Shuhrat Halolov.

Uning Kun.uz’ga bildirishicha, hududda hosil bo‘lgan qurilish chiqindilari Toshkent shahri chetidagi ikkita belgilangan hududga olib borilmoqda (u intervyudan tashqari “Mayskiy” va Yangi O‘zbekiston hududlarini aytdi, ammo keyinchalik fikrini tasdiqlamadi).

Shuningdek, jamiyat vakili shahar ekologiyasiga yetadigan zararni yumshatish uchun suv sepgan holda chang zarralarining atmosferaga chiqishi kamaytirilishini aytdi.

Ma’lumot o‘rnida, sobiq “Chorsu” mehmonxonasi o‘rnida 29 qavatli yangi mehmonxona, 14 qavatli biznes markaz va boshqa turar joy majmuasi bo‘lishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili noyabr oyida Chorsu maydonini rekonstruksiya qilish bo‘yicha oxirgi loyiha taqdim etildi. Unga ko‘ra, qurilish ishlari 2025 yilda boshlanib, 2029 yilda foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. Loyiha qiymati 170 million AQSh dollaridan oshadi. Mehmonxona 2020 yilda auksion orqali Birlashgan Arab Amirliklaridagi “Ittihad International Investment” kompaniyasiga sotilgan, hozirda ushbu obektni o‘zbek va xorijiy investorlar konsorsiumi tomonidan qayta sotib olish bo‘yicha kelishuv yuritilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: