Tadbir chog‘ida O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi serqirra hamkorlik so‘nggi yillarda izchil rivoj topayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zaro manfaatli aloqalar rivoji, jumladan, turizm va mehmondo‘stlik sohasida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, 2023 yilda Hindistondan O‘zbekistonga 50 mingga yaqin sayyoh safar qildi. 2024 yilda esa ushbu ko‘rsatkich yanada ko‘payib, 80 ming kishidan oshdi.
Shuningdek, so‘nggi bir yarim yil davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi yo‘lovchi havo qatnovi hajmini 3 baravarga oshirishga erishildi. Agar 2023 yil avgust oyida Toshkent va Dehli shaharlarini haftasiga 6 marta aviaparvozlar bog‘lab turgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib Uzbekistan Airways va IndiGo kompaniyalari tomonidan Toshkent-Dehli-Toshkent, Toshkent-Mumbay-Toshkent va Toshkent-Goa-Toshkent yo‘nalishlarida haftasiga 18 ta havo qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Parvozlar jug‘rofiyasini kengaytirish va ularning sonini haftasiga 24 taga yetkazish bo‘yicha izchil sa’y-harakatlar davom ettirilmoqda.
Tomonlar O‘zbekistonning yirik shaharlarida yangi mehmonxonalar bunyod etish, sayyohlarga zamonaviy xizmat turlari ko‘rsatish, mehmonxona xo‘jaligini birgalikda boshqarish va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik qilish istiqbollarini muhokama qildi.
IHCL kompaniyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga safarini tashkil qilish va joylarda amaliy sheriklik rejalarini belgilab olish bo‘yicha kelishuvga erishildi.