Jahon | 18:13 / 05.03.2025
2522
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukraina bilan razvedka ma’lumotlari almashishni to‘xtatdi

​​​​​​​Ukraina Amerika razvedkasi yordamida Rossiya harbiy obektlarini aniqlab, ularga zarbalar berib kelayotgan edi.

Foto: AP

AQSh Ukraina bilan razvedka ma’lumotlari almashishni to‘xtatdi. Bu haqda Financial Times gazetasi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Gazeta suhbatdoshlaridan birining ta’kidlashicha, AQSh oldingidek yaqin ittifoqchilariga, jumladan, Buyuk Britaniyaga razvedka ma’lumotlarini ulashmoqda.

Daily Mail gazetasi 5 mart kuni Vashington Buyuk Britaniyaga AQShdan olingan razvedka ma’lumotlarini Ukrainaga berishni taqiqlaganini ma’lum qildi. FT’ning qayd etishicha, Ukraina Amerika razvedkasi hamkorligi yordamida Rossiya harbiy obektlarini aniqlab, ularga zarbalar bera olgan.

Fox News jurnalisti Jyeki Xaynrixning ma’lum qilishicha, Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Li Retkliff AQSh «butun dunyoda tinchlikni ta’minlash uchun barchani javob berishga chaqirish maqsadida razvedka frontida tanaffus» olganini «yashirincha tasdiqlagan».

AQSh prezidenti Donald Tramp 3 mart kuni Ukrainaga harbiy yordam yetkazilishini to‘xtatish bo‘yicha qaror qabul qilgandi. Natijada AQShning 46-prezidenti Jo Bayden davrida ajratilgan va yo‘lda ketayotgan, shuningdek, Polshada joylashgan tranzit markazlaridagi qurollar hamda o‘q-dorilar jo‘natilishi to‘xtatildi.

Shundan so‘ng Volodimir Zelenskiy Kiyevda ko‘chada turib ukrainlarga murojaat yo‘lladi va o‘z amaldorlariga amerikalik hamkasblar bilan bog‘lanib, harbiy yordam borasida javob olishni topshirganini ma’lum qildi.

Mavzuga oid