27 fevral yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Iste’dodli jurnalistning vafoti, tergovdan o‘ligi chiqqan fermer, bahordan 15 avgustgacha yopilayotgan ov mavsumi va MDHda eng arzon o‘zbek restoranlari — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Jurnalist Alisher Ro‘zioxunov 32 yoshida vafot etdi
26 fevral kuni jurnalist Alisher Ro‘zioxunov vafot etdi. U oxirgi vaqtlarda og‘ir kasallik bilan kurashayotgani ma’lum qilindi.
Iqtidorli qalam sohibi Kun.uz saytida bir necha yil samarali faoliyat olib borgan. U yuzlab ijtimoiy va huquqiy mavzularda materiallar tayyorlab, jamiyat rivojiga hissa qo‘shgan. Shuningdek, «Munozara klubi» kabi katta loyihalarni tashkil etib, davlat va jamoat tashkilotlari vakillarini bir stol atrofida jamlagan.
2021 yilda Alisher Ro‘zioxunov «Kelajak bunyodkori» medali bilan taqdirlangan. Kun.uz tahririyati marhumning oilasi va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor qildi.
Tergovga olib ketilgan fermerning o‘ligi chiqdi
Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida uch kishi o‘ldirilgan qotillik tergovi jarayonida 50 yoshli fermer Tohir Hayitov IIB tomonidan so‘roqqa olib ketildi va ikki kundan so‘ng vafot etdi. IIB rasmiylari uning o‘limi “yurak xuruji tufayli sodir bo‘lgani”ni aytmoqda.
Marhumning yaqinlari jasadda qiynoq izlari borligini bildirib, unga bosim o‘tkazilganidan shubhalanmoqda. Shuningdek, u hibsda ekanida qarindoshlariga yordam so‘rab murojaat qilgani aytilmoqda.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Hayitov o‘limidan bir kun oldin bir ayol bilan tortishib qolgan va unga «mayda bezorilik» aybi bilan 6 sutka qamoq jazosi tayinlangan.
IIB va prokuratura vaziyat yuzasidan rasmiy izoh berganicha yo‘q. Marhumning yaqinlari adolat talab qilmoqda.
1 martdan 15 avgustga qadar ov mavsumi yopiladi
Ekologiya vazirligi 2025 yilning 1 martidan 15 avgustiga qadar O‘zbekistonda ov mavsumi yopilishi, bu vaqt davomida yovvoyi hayvonlar va qushlarni ovlash qat’iy taqiqlangani, ov qoidalarini buzish javobgarlikka sabab bo‘lishidan ogohlantirdi.
Bu vaqt davomida yovvoyi hayvonlar va qushlarni ovlash qat’iy taqiqlanadi. Vazirlik ov qoidalarini buzish, xususan, taqiqlangan davrda ov qilish qat’iy javobgarlikka sabab bo‘lishidan ogohlantirdi.
Vazirlik fuqarolardan ov mavsumi tugagan davrda tabiatga yanada ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishni so‘radi.
O‘zbekiston davlat qarzi 40 mlrd dollardan oshdi
O‘zbekiston davlat qarzi 2024 yilda 5,3 mlrd dollarga oshib, 40,2 mlrd dollarga yetdi. Uning 33,7 mlrd dollari tashqi qarz, 6,5 mlrd dollari esa ichki qarzni tashkil etadi. Davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushi 35 foizga yetgan.
Tashqi qarz asosan budjetni qo‘llab-quvvatlash (15,3 mlrd dollar), yoqilg‘i-energetika (5,7 mlrd dollar) va transport infratuzilmasi (2,8 mlrd dollar) uchun jalb qilingan. Eng yirik kreditorlar orasida Jahon banki (7,6 mlrd), Osiyo taraqqiyot banki (7,4 mlrd) va Xitoy moliya tashkilotlari (3,8 mlrd dollar) bor.
2025 yilda jalb qilinadigan tashqi qarz hajmi 5,5 mlrd dollar bilan cheklangan bo‘lib, uning katta qismi budjet taqchilligini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Toshkent viloyatiga 170 ta yangi avtobus olib kelinadi
Toshkent viloyatining 7 ta shahrida 21 ta yo‘nalish uchun 170 ta yangi avtobus xarid qilinadi. Viloyat hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, transport vositalari tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlov asosida tanlangan va yaqin kunlarda foydalanishga topshiriladi.
Yangilanish doirasida shahar avtobus yo‘nalishlariga avtomatlashtirilgan elektron to‘lov tizimi joriy etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, jamoat transporti yetib bormagan hududlarda 12 ta yangi yo‘nalish tashkil etiladi. Avtobuslar dispetcherlik markaziga integratsiya qilinib, qatnovlarning samaradorligi oshiriladi.
O‘zbekiston restoranlaridagi narxlar MDHda eng arzoni
Restoran narxlari indeksi bo‘yicha 2025 yilgi xalqaro reytingda O‘zbekiston 139 ta davlat ichida 17-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston yemakxonalarida indeks 20,8 bo‘lib, bu ko‘rsatkich Nyu Yorkdagi narxlarga nisbatan 79,2 foizga past ekanini bildiradi.
MDH davlatlari orasida eng arzon restoran xizmatlari aynan O‘zbekistonda qayd etildi. Taqqoslash uchun: Qirg‘izistonda indeks 21,4, Rossiyada 21,8, Ukrainada 21,9, Qozog‘istonda esa 28 ni tashkil qildi.
Dunyo bo‘yicha eng qimmat restoranlar Shveytsariya, Islandiya va Baham orollarida, eng arzonlari esa Liviya, Madagaskar va Afg‘onistonda ekani aniqlangan.
Mavzuga oid

00:19 / 08.03.2025
7 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

20:30 / 06.03.2025
6 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

21:22 / 05.03.2025
5 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

21:10 / 04.03.2025