O‘zbekiston | 21:43 / 25.02.2025
5240
6 daqiqa o‘qiladi

25 fevral yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Radarlarga yozilmaydigan jarima balli, harbiy xizmatchilar uchun ijtimoiy himoya, markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulanadigan yangi uylar va homiylik mablag‘lari yig‘ishda o‘zgarayotgan tartib — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Kamera va radarlar jarimalari 12 balli tizimga kiritilmaydi

O‘zbekistonda haydovchilarga yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun hisoblab boriladigan 12 balli jarima tizimi faqat davlat yo‘l harakat xavfsizligi inspektorlari tuzgan bayonnomalar asosida shakllanadi.

Hozircha yo‘llardagi kamera va radarlar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar bu tizimga qo‘shilmaydi.

DYHXX rahbariyatining jurnalistlar oldida ma’lum qilishicha, jarima ballari tizimi inson omiliga bog‘liq bo‘lmay, elektron tarzda yuritiladi. Shu bilan birga, kelgusida kamera va radar jarimalarini ham 12 balli tizimga kiritish rejalashtirilmoqda.

Joriy yil 20 fevralda qabul qilingan o‘zgartirishlarga ko‘ra, agar haydovchining jarima ballari yil davomida 12 dan oshsa, u kamida 6 oy muddatga haydovchilik huquqidan mahrum qilinadi.

Harbiy xizmatchilar ijtimoiy himoyasi kuchaytiriladi

2025 yil 1 martdan harbiy xizmatchilar uchun turar joy ijara to‘lovlari kompensatsiyasi 20 foizga oshiriladi. Shuningdek, 10 yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun ipoteka krediti dastlabki badali 35 foiz etib belgilanadi.

Toshkent shahrida xizmat qilayotgan harbiylar oyiga BHMning 4,8 baravarigacha, Nukus va viloyat markazlarida 3,6 baravarigacha, boshqa hududlarda esa 2,4 baravarigacha kompensatsiya oladi. Agar harbiy xodimning oila a’zolari 3 nafar yoki undan ortiq bo‘lsa, to‘lovlar 50 foizga oshiriladi.

2026 yildan boshlab ijara kompensatsiyasi miqdori har yili bozor narxlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Yangi uylar markazlashgan issiqlik tizimiga ulanadi

O‘zbekistonda 2025 yilda 135 ming xonadonli yangi uy-joylar markazlashtirilgan issiqlik tizimiga ulanadi. Bu prezident farmoni bilan tasdiqlangan «yo‘l xaritasi»da belgilangan. Yangi quriladigan ko‘p qavatli turar joy binolarida oshxonalar xavfsizlik nuqtayi nazaridan elektr pechkalari bilan jihozlanadi.

Bundan tashqari, 1 aprelga qadar aholi yashash hududlarida yo‘l yoritish elektr energiyasi sarfini ikki barobar kamaytirish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi. 1 maygacha liftlarga xizmat ko‘rsatish uchun barcha hududlarda maxsus guruhlar tuzilishi, mutaxassislar tayyorlanishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, «Yangi O‘zbekiston» va boshqa massivlarda qurilish xarajatlarining 2 foizini atrof-muhitni obodonlashtirishga yo‘naltirilish ko‘zda tutilmoqda.

Homiylik mablag‘lari yig‘ish tartibi o‘zgarmoqda

O‘zbekiston Qonunchilik palatasi homiylik mablag‘larini yig‘ish tartibini aniq belgilaydigan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar faqat o‘zi yoki yaqin qarindoshi uchun xayriya yig‘ishi mumkin. Ko‘ngillilar esa begona shaxslar uchun faqat e’lon berish orqali ko‘maklashadi. Ya’ni ehtiyojmandlar uchun o‘z plastik kartochkasini qo‘yib, pul yig‘ish taqiqlanadi.

Xayriya qutisi faqat maxsus tashkilotlar tomonidan o‘rnatiladi va shaffof idishda bo‘ladi. Ularning manzillari oldindan e’lon qilinib, ochish jarayoni videotasvirga olinadi. Tartibni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi.

Yig‘ilgan xayriya mablag‘larini o‘zlashtirib yuborish holatlari aniqlangan hollarda, huquqbuzarlarga nisbatan choralar ko‘rilmoqda.

Qobil Do‘sov yana bir jinoyat ishida aybdor deb topildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudi bloger Qobil Do‘sovni Jizzax viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullarini haqorat va tuhmat qilish jinoyatida aybli deb topib, 1 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi. U jazoni manzil koloniyalarda o‘taydi.

Sud jabrlanuvchilar, ekspertiza xulosalari va boshqa dalillar asosida Do‘sovning aybdorligini isbotlangan deb hisobladi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining tuhmat va haqoratga oid moddalari qo‘llandi.

Avvalroq, Chilonzor va Yashnobod tumani sudlari blogerni haqorat jinoyatida aybdor deb topgan, keyinchalik ozodlikni cheklash jazosi qamoq jazosiga o‘zgartirilgan edi. Do‘sov cheklovlarga rioya etmagani va axloqan tuzalmagani bois, jazo choralari kuchaytirilgan.

Dubayda qarzdor bo‘lib qolgan fuqaroga yordam berildi

Dubayda 247 ming dollar miqdoridagi qarzi tufayli qaytib keta olmagan, 1957 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosiga amaliy yordam ko‘rsatildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, u 1996 yilda mavsumiy ishlash maqsadida BAAga borgan, biroq 2001 yildan buyon noqonuniy ravishda mamlakatda yashab kelgan. Bu davr mobaynida uning jarima va qarzdorlik summasi 901,6 ming dirhamga (247 ming dollar) yetgan.

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan mahalliy hokimiyat va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan muzokaralar olib borildi. Natijada qarzdorlikdan voz kechishga erishildi.

15 fevral kuni diplomatlar va mahalliy xayriya tashkilotlari ko‘magida fuqaro Dubay—Toshkent aviaqatnovi orqali O‘zbekistonga qaytarildi.

Mavzuga oid