Jamiyat | 12:40 / 23.02.2025
44643
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryodagi milliy tabiat bog‘ida fotoqopqonga qor qoploni tushdi

Qor qoplonining fotoqopqonga tushishi “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘ida birinchi marta qayd etilgan.

Foto: Ekologiya vazirligi

Surxondaryo viloyatida joylashgan “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘ida o‘rnatilgan fotoqopqonga qor qoploni tushgan. Bu haqda Ekologiya vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘ining Tamshush hududida 3500–4000 metr balandlikda o‘rnatilgan fotoqopqonga ilk bor qor qoploni tushgan. Bu holat ushbu hududda qor qoploni yashayotganidan darak beradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yirtqich mushuksimonlar oilasiga mansub bo‘lib, sovuq iqlim sharoitiga moslashgan yagona tur sanaladi. U O‘zbekiston Qizil kitobi, IUCN Qizil ro‘yxati va CITES I ilovasiga kiritilgan bo‘lib, yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan hayvonlar qatoriga kiradi.

Qizig‘i shundaki, qor qoplonlari aql bovar qilmaydigan darajada – 15 metrgacha uzunlikka sakrashlari mumkin. Bu ular o‘z tanasining uzunligidan 6 baravar uzunlikka sakray oladi degani. Bunday qobiliyat ularga tog‘larda ov qilishda, toshloq yerlardan bemalol o‘tishda yordam beradi.

Ma’lumot uchun, “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i 2022 yil mart oyida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tashkil etilgan. Bog‘ Hisor tizmasining janubi-g‘arbiy yonbag‘irlarida joylashgan bo‘lib, dengiz sathidan 930 metrdan 3700 metrgacha bo‘lgan hududni o‘z ichiga oladi. Hududda 46 turdagi fauna vakillari yashaydi, ulardan 20 tasi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.

Mavzuga oid