Jahon | 12:55 / 20.02.2025
1737
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Ar-Riyoddagi muzokaralar natijasini «yuqori baholayapti»

«Natija bor», dedi Rossiya prezidenti Saudiya Arabistonidagi AQSh bilan muzokaralar haqida. Putin Tramp bilan uchrashmoqchi ekanligini, ammo uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish kerakligini ta’kidladi.

Foto: kremlin.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Rossiya-Amerika muzokaralari haqida hisobot oldi va ularning natijalarini «yuqori baholadi». «Ha, ular bu haqda menga xabar berishdi. Men ularni yuqori baholayman. Natija bor», — dedi u 19 fevral, chorshanba kuni Sankt-Peterburgdagi dron ishlab chiqaruvchi zavodga tashrifi chog‘ida jurnalistlar savollariga javob berar ekan.

Putinning aytishicha, bir kun avval o‘tkazilgan uchrashuvdan maqsad «Rossiya va AQSh o‘rtasidagi ishonchni oshirish» bo‘lib, ularsiz ko‘p mavzularni, jumladan, Ukrainadagi mojaro bilan bog‘liq masalalarni hal qilib bo‘lmaydi. «Biz diplomatik missiyalar faoliyatini normal rejimda davom ettirishga kelishib oldik. Vashington va Moskvadan diplomatlarning doimiy ravishda chiqarib yuborilishi yaxshi narsaga olib kelmaydi. Agar ishlar shu tarzda davom etsa, bizda bu binolarda faqat farroshlar ishlaydi», — dedi Rossiya prezidenti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ar-Riyodda muhokama qilingan mavzular orasida Rossiyaning Suriyadagi mavjudligi va Falastin-Isroil mojarosini hal qilish ham bor edi, biroq Moskva Ukrainadagi vaziyatni tartibga solishga birinchi darajali ahamiyat beradi. Rossiya tomoni Ukraina mojarosini hal qilish uchun «muzokaralar stoliga qaytishga tayyor», dedi Putin va hech kim Kiyevni muzokara jarayonidan chetlashtirmayotganini aytdi.

Rossiya prezidenti amerikalik hamkasbi Donald Tramp bilan uchrashish istagi borligini, biroq uchrashuvga «natijaga erishish uchun» tayyorlanish kerakligini ta’kidladi.

Ar-Riyodda AQSh-Rossiya muzokaralari

18 fevral kuni Saudiya Arabistoni poytaxtida Rossiya va Amerika delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar chog‘ida prezidentlar Vladimir Putin va Donald Trampning ehtimoliy uchrashuvi muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida tomonlar Rossiyaning Ukrainadagi urushini tugatish masalasini muhokama qilish uchun muzokarachilarni tayinlashga ham kelishib oldilar.

19 fevral kuni Rossiya davlati rahbari matbuot kotibi Dmitriy Peskov Tramp va Putin o‘rtasidagi uchrashuv shu oy oxirigacha bo‘lib o‘tishi mumkinligini tan oldi. Tramp, shuningdek, bir kun avval fevral oyida Rossiya prezidenti bilan uchrashish ehtimolini istisno etmadi.

Mavzuga oid