O‘zbekiston | 17:36 / 19.02.2025
6448
4 daqiqa o‘qiladi

«Trest-12»dagi davlat ulushini Doniyor Komilovga tegishli kompaniya sotib oldi

«Trest-12» AJ ustav kapitalidagi 51,1 foiz davlat ulushi xususiylashtirildi. Bitim qiymati – 111 mlrd so‘m. Xaridor – Delta Global Dynamics MChJning 100 foiz ulushi sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilovga tegishli. Unga qarashli kompaniyalar avvalroq MXXning Toshkent markazidagi sobiq binosi, O‘zbekistondagi eng yirik spirt zavodi, UNG Petro zapravkalar tarmog‘i hamda Chinoz neftni qayta ishlash zavodini sotib olgani bilan jamoatchilik e’tiboriga tushgandi.

«Trest-12» qurilish kompaniyasidagi davlat ulushi sotildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Davaktivga ko‘ra, «Trest-12»dagi davlat ulushini sotib olishga 4 ta kompaniya qiziqish bildirgan, lekin ulardan faqat 2 tasi majburiyatga ega takliflar yo‘llagan. Xususiylashtirish jarayoniga konsultant sifatida Deloitte jalb etilgan.

Yakunda 111 mlrd so‘m miqdoridagi eng yuqori xarid bahosini taklif qilgan Delta Global Dynamics MChJ savdo g‘olibi deb topilgan.

«2 yil mobaynida korxonada mavjud ish o‘rinlarini va ishchilar sonini saqlab qolish (tabiiy sabablar bilan bo‘shaydigan ish o‘rinlari bundan mustasno), amaldagi ish haqi fondi miqdorini kamaytirmaslik va jamoa shartnomasi shartlarini yomonlashtirmaslik kabi shartlar xaridor tomonidan qabul qilingan», deyiladi Davaktiv xabarida.

Bitim Xususiylashtirish davlat komissiyasi tomonidan ma’qullangan.

Delta Global Dynamics MChJ haqida

Xaridor – Delta Global Dynamics MChJ 2022 yilning yanvar oyida Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan. Faoliyat turi – tijorat faoliyati va boshqaruv masalalari bo‘yicha maslahat berish. Ustav fondi – 200 mln so‘m.

Kompaniyaning 100 foiz ulushi sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilovga tegishli. Unga qarashli kompaniyalar avvalroq MXXning Toshkent markazidagi sobiq binosi va O‘zbekistondagi eng yirik spirt zavodini ham xususiylashtirib olgani bilan jamoatchilik e’tiboriga tushgandi. OAVda Komilovning Rossiyadagi yirik aktivlari haqida ham ma’lumotlar bor.

Shuningdek, kichik Komilovga tegishli Petroleum Technology Group kompaniyasi 2024 yilda O‘zbekistonda 78 ta «zapravka»ga ega bo‘lgan «UNG Petro» kompaniyasi hamda «Chinoz neftni qayta ishlash zavodi»ning ham yangi egasiga aylangandi.

«Trest-12» haqida

1979 yilda beri faoliyat olib boruvchi «Trest-12» kompaniyasi katta loyihalarni tendersiz olgani haqidagi xabarlar bilan ko‘p bor OAV e’tiboriga tushgan. Hatto 2021 yilning may oyida Aksilkorrupsiya agentligi direktori Akmal Burhonov ushbu qurilish kompaniyasiga qariyb 5 trln so‘mlik loyihalar tendersiz berilganligini ochiqlagan.

Jumladan, 2021 yilda «Trest-12» kompaniyasi Mustaqillik maydonidagi 431,5 mlrd so‘mlik loyiha pudratchisi sifatida tanlangan.

Ushbu kompaniyaning hissadorlari orasida 2024 yilning iyun oyida lavozimidan olingan sobiq Qurilish vaziri Botir Zokirovning o‘g‘li va turmush o‘rtog‘i ham bo‘lgan.

Keyinchalik vazir «Trest-12»ning loyihalarni tendersiz olish holatiga izoh bergandi.

«12-Trest» tashkilotining ayrim obektlar qurilishida to‘g‘ridan to‘g‘ri belgilanishi sabablari bor. Tashkilot tarixi, sifat, muddat, bundan tashqari har bir tashkilotning o‘zining qonun-qoidalari bor. Har kim ham bu qonun-qoidalarni qilolmaydi.

Albatta, obektning to‘g‘ridan to‘g‘ri berilishi menga bog‘liq emas, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilanadi. “450 milliard” haqdagi tarqalgan xabarga kelsak, buni bilmayman, mening ham o‘z ishlarim bor. «12-Trest»ni menga bog‘lab bergan joyi yo‘q”, degan edi sobiq vazir o‘shanda.

Mavzuga oid