Doniyor Komilovning O‘zbekistondagi biznesi. “Trest-12” ham ular qatoriga qo‘shildi
O‘zbekistondagi eng mashhur qurilish kompaniyalaridan biri – “Trest-12”dagi 51,1 foiz davlat ulushi 111 mlrd so‘mga xususiylashtirildi. Xaridor – Delta Global Dynamics. Bu MChJning 100 foiz ulushi sobiq tashqi ishlar vazirining o‘g‘li Doniyor Komilovga tegishli. Shu tariqa, u trillionlab so‘mlik loyihalarni tendersiz qo‘lga kiritishi ortidan ko‘p bor OAV e’tiboriga tushgan qurilish korxonasining asosiy egasiga aylandi.
Doniyor Komilov kim?
Doniyor Komilov – O‘zbekistondagi ko‘zga ko‘ringan siyosatchilardan biri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li. Uzoq yillar tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlagan Abdulaziz Komilov hozirda Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hisoblanadi.
Yaqin-yaqingacha kichik Komilov nomi ko‘pchilik o‘zbekistonliklarga mutlaqo notanish edi. 2021 yilda unga tegishli “Metropol Group” MChJ Toshkent markazidagi Milliy xavfsizlik xizmatining sobiq binosini 210 mlrd so‘mga sotib oldi. Shu tariqa, u jamoatchilik e’tiboriga tushdi.
2023 yilning fevral oyida Komilov egalik qiladigan boshqa bir kompaniya – “First Premium Alliance” MChJ O‘zbekistondagi eng yirik spirt zavodi – “Qo‘qon biokimyo” AJni xususiylashtirib oldi.
2024 yilga kelib, Doniyor Komilovning Petroleum Technology Group kompaniyasi ilgari “O‘zbekneftgaz”ga tegishli bo‘lgan Chinoz neftni qayta ishlash zavodi va UNG Petro yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini qo‘lgan kiritdi. Nomi Carvon deya rebrending qilingan O‘zbekistondagi eng yirik zapravkalar tarmog‘i qanday qilib davlatning egaligidan chiqib ketgani noma’lum. Bu oldi-sotdi jarayonlari bo‘yicha haligacha rasmiy ma’lumot berilmadi.
Korxona va tashkilotlar reyestriga ko‘ra, Doniyor Abdulazizovich Komilov O‘zbekistonda kamida 10 ta kompaniyadan bevosita ulushlarga ega. Bundan tashqari, ochiq manbalarda uning Rossiyadagi yirik aktivlari haqida ham ko‘plab ma’lumotlar bor. U 2010-2014 yillarda Gazprombankning “Upravlyayushchaya kompaniya – Strategicheskiye aktivy” YoAJ tuzilmasi rahbari, 2015-2016 yillarda esa “Uralmashzavod” direktorlar kengashi a’zosi bo‘lgan.
2023 yilning yozida kichik Komilov Rossiyadagi eng yirik mis ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri – Ural kon-metallurgiya kompaniyasining ham benefitsiar egasiga aylangani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.
«Trest-12» haqida
Xususiylashtirilgan “Trest-12”ga kelsak, bu kecha paydo bo‘lib qolgan kompaniya emas. Korxona tarixi “Boshtoshkentqurilish” buyrug‘iga muvofiq, jamoat ishlarini bajarish uchun 12-trest tashkil etilgan 1979 yilga borib taqaladi.
“Trest-12” turli yillarda Vazirlar Mahkamasi binosi rekonstruksiyasi, Milliy kutubxona, Minor masjidi, Moliya vazirligi va Singapur menejmentni rivojlantirish instituti binolari, “Bunyodkor” stadioni, HYATT Regency mehmonxonasi va boshqa binolarni qurish bilan shug‘ullangan. Oxirgi katta loyihalari qatorida Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishini ko‘rsatish mumkin.
2021 yilda OAVda “Trest-12” yirik davlat buyurtmalarini tendersiz olayotgani haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi. Jamoatchilik savollari ortidan, o‘sha yili Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rganish o‘tkazib, bu qurilish kompaniyasiga qariyb 5 trln so‘mlik loyihalar tendersiz berilganini aniqladi.
Agentlik direktori Akmal Burhonovga ko‘ra, tendersiz berilgan loyihalarning aksariyatida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan. Bu – kompaniya hissadorlari orasida o‘sha paytdagi qurilish vaziri Botir Zokirovning o‘g‘li va turmush o‘rtog‘i ham bo‘lgani bilan bog‘liq edi.
Vazir o‘z chiqishlaridan birida “Trest-12”ning loyihalarni tendersiz olishiga izoh bergan.
“12-Trest tashkilotining ayrim obektlar qurilishida to‘g‘ridan to‘g‘ri belgilanishi sabablari bor. Tashkilot tarixi, sifat, muddat, bundan tashqari har bir tashkilotning o‘zining qonun-qoidalari bor. Har kim ham bu qonun-qoidalarni qilolmaydi.
Albatta, obektning to‘g‘ridan to‘g‘ri berilishi menga bog‘liq emas, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilanadi. “450 milliard” haqidagi tarqalgan xabarga kelsak, buni bilmayman, mening ham o‘z ishlarim bor. “12-Trest”ni menga bog‘lab bergan joyi yo‘q”, degan edi sobiq vazir.
Mavzuga oid

08:46
Toshkentda madaniy meros obekti yonida noqonuniy qurilish to‘xtatildi

13:28 / 07.03.2025
Bosh prokuratura ekologiya va qurilish sohasi mas’ullari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi

20:21 / 04.03.2025
“Daraxtlar atay quritilgan” – Toshkentda yashil zona yo‘q qilinib, o‘rnida qurilish boshlanmoqda

12:54 / 04.03.2025