O‘zbekiston | 20:21 / 04.03.2025
7729
6 daqiqa o‘qiladi

“Daraxtlar atay quritilgan” – Toshkentda yashil zona yo‘q qilinib, o‘rnida qurilish boshlanmoqda

Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi yashil zona mahalliy hokimlik tomonidan auksionga chiqarilib, sotib yuborildi. Yer maydonini 2,7 mlrd so‘mga sotib olgan tadbirkor bu yerda qurilish ishlari olib bormoqchi. Hududda yashovchi aholi esa bundan norozi. E’tiborlisi, yashil zonadagi daraxtlar sirli ravishda birin-ketin quriy boshlagan va quriganlari kesib olingan. Aholi daraxtlar sun’iy ravishda qasddan quritilganini aytmoqda.

Toshkent shahrida yashil zona yo‘q qilinish arafasida. Olmazor tumanida bundan bir necha yil oldin daraxtzor bo‘lgan maydon auksionga qo‘yilib, tadbirkorga sotib yuborildi. Holat tumanning Xislat mahallasida sodir bo‘lgan.

Kun.uz’ga murojaat qilgan hududda yashovchi fuqarolarga ko‘ra, yashil zonadagi daraxtlar birin-ketin sirli ravishda quriy boshlagan. Qurigan daraxtlar esa kesib olinavergan. Bugunga kelib ochiq maydonga aylantirilgan yashil zona qurilish qilish uchun hozirlab qo‘yilgan.

Bizni hech kim ogohlantirmagan. Guruhlarga yozdik, telefonlashdik va kompaniya vakili bilan uchrashdik. Nima qurilishini ham bilmas ekan. U bizga qo‘pol ravishda, sizlar xohlasalaring ham, xohlamasalaring ham quramiz, dedi.

Bu yer yashil hudud, archalar, mevali daraxtlar bo‘lgan. Ular birdaniga qurib qoldi. Siri shundaki, tagiga yoqilg‘i quyib qo‘ysa, hammasi quriydi. Bu yerda olinmagan to‘nkalari ham turibdi. Bular kuzda arralangan. Ekologiyaga murojaat qilganimizda, negadir ular sust ishladi. Tuman ekologiyadan aytishdiki, bular oldindan obodonlashtirishdan ruxsat so‘rab, sekin-sekin kamaytiravergan. Bu hudud o‘sha payti Toshkent tibbiyot akademiyasiga tegishli bo‘lgani uchun aralasha olmadik. Bilsak, bu hokimiyatga o‘tib ketibdi. U orqali auksionga qo‘yilibdi”, deydi shu yerda yashovchi Elbek Sulaymonov.

Boshqa fuqarolar ham bu hudud ilgari katta archazor bo‘lganini, daraxtlar dastlab qurib, keyin kesib tashlanganini aytishdi. Aholiga ko‘ra, agar ushbu maydonda 4-5 qavatli bino qurilsa, atrofdagi ko‘p qavatli uylar orasiga havo kirmay qoladi.

Atrofdagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi odamlarning so‘zlariga ko‘ra, hudud devor bilan o‘ralmasdan oldin yerni sotib olgan tadbirkor Jasur Qodirjonov mahalla fuqarolari bilan uchrashgan. U mahalla ahliga mazkur joy sotib olingani bo‘yicha qator hujjatlarni ko‘rsatgan va unda qurilish qilish uchun aholidan rozilik olish qismi yo‘qligini aytgan.

Shu joyni 2,7 mlrd so‘mga sotib oldim hokimiyatdan. Pul to‘ladim. Birovga borib pora bergan joyim yo‘q. Hokimiyatga telefon qilasizmi, adliyagami yoki prokuraturaga qilasizmi, davlatga to‘lagan pulim asos. Sizlardan qurilishga ruxsat olishga kelgan joyim yo‘q. Shu yerda qurilish boshlayapman deb ogohlantiryapman”, degan Qodirjonov aholi bilan uchrashuvda.

Uning so‘zlariga uchrashuvda qatnashgan fuqarolardan biri “yashil hududni nega auksionga qo‘yadi?” deb e’tiroz bildirgan. Shunda tadbirkor hokimiyatning xatosi uchun javob bermasligini aytgan.

Oradan bir necha kun o‘tgach, Asatilla ismli shaxs kelib fuqarolar bilan uchrashgan. U suhbat davomida 3 sotix yer maydoni sotib olingan bo‘lsa, shuning 2 sotixida qurilish ishlari amalga oshirilishini, u yerda oilaviy klinika bo‘lishini ma’lum qilgan.

Agar daraxt masalasi bo‘ladigan bo‘lsa, xuddi shularni aytgan joylaringga ko‘chirib beraman yoki boshqa yerga daraxt ekib bog‘ qilib ber, desangiz ungayam tayyorman. Sizlarning yo‘llaringizdan menga keladigan odam yurmaydi. O‘zim yo‘lning yuzidan kiradigan joy va “stoyanka” qilib olaman. Mahallaning boshiga “shlagbaum” qo‘yib bergin deng, men qilib beraman. Orqaga yo‘l yo‘q, men ham “tupik”ka kirib qoldim. Hozir orqaga qaytib chiqib ketolmayman. Agar shu narsani “knopka”ni bosishdan oldin bilganimda, men bosmasdim”, degan u.

Hozirda mahalla aholisi atrofda shu maydondan boshqa hordiq chiqaradigan joy yo‘qligini aytib, qurilishga norozilik bildirmoqda.

Auksion hujjatlariga ko‘ra, mazkur yer maydonida ofis binolari qurishga ruxsat berilgan. Ya’ni mahalliy hokimlik negadir yashil zonani auksionga chiqargan.

Kun.uz ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati bilan bog‘landi. Biroq hokimlik matbuot kotibi ochiq auksion qonun doirasida o‘tkazilganini, daraxtlar masalasida Ekologiya boshqarmasiga murojaat qilish mumkinligini bildirdi xolos.

Atrofdagi daraxtlar ko‘karib turgan bir vaziyatda ushbu yer uchastkasidagi daraxtlar birin-ketin qurishi va kesib tashlanishi biroz shubhali. Ushbu holatga Ekologiya vazirligi e’tibor qaratadi degan umiddamiz.

Shahzod O‘roqboyev,
Kun.uz

Mavzuga oid