Jahon | 13:00 / 18.02.2025
2010
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: AQShning Ukraina haqidagi bayonotlari «Putin uchun yoqimli»

Pentagon rahbarining Kiyev Donbass va Qrimni qaytarib ololmasligi haqidagi bayonotlari «juda umumiydir», dedi Zelenskiy.

Foto: Andreas Stroh / Zuma / Scapix

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh mudofaa vaziri Pit Xegset va Donald Tramp ma’muriyati boshqa vakillarining Ukrainaning Rossiya Federatsiyasi tomonidan unga qarshi ochilgan urushdagi pozitsiyasi va Kiyevning g‘alaba qozonish istiqbollari yo‘qligi haqidagi bayonotlarini tanqid qildi. Bu haqda Ukraina rahbari Germaniyaning ARD mediakompaniyasi jurnalisti Sandra Mayshberger bilan Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida suhbat chog‘ida aytib o‘tdi. Intervyu 18 fevral, seshanba kuni efirga uzatilgan Mayshberger tok-shousining so‘nggi qismi bo‘ldi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, «muammo shundaki, Qo‘shma Shtatlar bugun Putinga juda yoqadigan gaplarni aytmoqda». Ukraina rahbarining fikricha, Vashington Rossiya prezidentini «ma’qullamoqchi». «Bilasizmi, nima uchun? Uchrashish va tezda muvaffaqiyatga erishish uchun. Lekin ular istagan narsa - shunchaki o‘t ochishni to‘xtatish bu - muvaffaqiyat emas», — dedi Zelenskiy.

Shu bilan birga, Ukraina prezidenti AQSh mudofaa vaziri Pit Xegsetning Ukrainaning mamlakat xalqaro tan olgan chegaralariga harbiy yo‘l bilan qaytishi imkoni yo‘qligi haqidagi bayonotlarini «juda umumiy» deb atadi. «Mudofaa vaziri tafsilotlarga chuqurroq kirib borishi kerak. Menimcha, buning uchun unga vaqt kerak», — dedi Ukraina rahbari.

O‘sha intervyuda Zelenskiy agar Ukraina Yevropa Ittifoqi va NATOga qabul qilinsa, o‘z ixtiyori bilan prezidentlik lavozimidan voz kechishini aytdi. «Agar Rossiya qo‘shinlari ketsa va bizda xavfsizlik kafolatlari bo‘lsa, men keyin kerak bo‘lmay qolaman», — degan uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi AFP. «Men o‘ylaymanki, o‘shanda men hamma narsaga erishaman. Lekin bu amalga oshmaguncha, men o‘z vatanimni himoya qilaman».

Xegset Qrim va Donbass qaytarilishi hamda NATOga a’zolikni «xayoliy maqsadlar» dedi

Xegset Myunxen xavfsizlik konferensiyasi arafasida NATOning Bryusseldagi qarorgohida bo‘lib o‘tgan Ukraina bo‘yicha aloqa guruhi yig‘ilishida Zelenskiyning salbiy munosabatiga sabab bo‘lgan bayonotlar bilan chiqdi. Pentagon rahbari Kiyevning Qrim va Donbassni qaytarish istagini «xayoliy maqsad sari intilish» deb atadi, bu uning nuqtayi nazari bo‘yicha urushni uzaytiradi va yangi azob-uqubatlarga olib keladi, deb xabar berdi DW muxbiri.

AQSh Mudofaa vaziri, shuningdek, Vashington «Ukrainaning NATOga a’zoligi kelishuv muzokaralarining real natijasi ekanligiga ishonmasligini» aytdi.

Amerikaning yangi ma’muriyatiga ko‘ra, Ukraina uchun xavfsizlik kafolati tinchlikparvar kuchlarning «yevropalik va yevropalik bo‘lmagan qo‘shinlari» bo‘lishi mumkin, ammo ular orasida amerikalik harbiylar bo‘lmaydi. AQShning yana bir sharti shundaki, bu qo‘shinlar NATO nomidan va Shimoliy Atlantika alyansi xartiyasining kollektiv mudofaa to‘g‘risidagi 5-moddasi asosida harakat qilmasliklari kerak.

Mavzuga oid