Iqtisodiyot | 13:26 / 18.02.2025
2276
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy O‘zbekistondagi xorijiy kompaniyalar soni bo‘yicha yetakchiga aylandi

O‘zbekistonda faoliyat olib boradigan Xitoy kompaniyalari soni yillik nisbatda qariyb 43 foizga ko‘payib, 3 ming 467 taga yetdi. Mazkur davrda Rossiya (-76 ta), Turkiya (-32 ta), Qozog‘iston (-24 ta), Janubiy Koreya (-76 ta) va AQSh (-11 ta) kapitali ishtirokida ishlaydigan korxona va tashkilotlar soni sezilarli darajada kamaydi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

2025 yilning 1 fevral holatiga, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxona va tashkilotlar soni 15 163 tani tashkil etmoqda. Bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 964 taga ko‘p.

Yil davomida Rossiya kompaniyalari soni 76 taga kamaygan, Xitoy kompaniyalari soni esa 1035 taga ko‘paygan, natijada Xitoy O‘zbekistondagi kompaniyalari soni bo‘yicha Rossiyani ortda qoldirib, 1-o‘ringa ko‘tarilgan.

Shuningdek, o‘tgan yilning 1 fevral holatiga nisbatan, Turkiya kapitali ishtirokidagi kompaniyalar soni 32 taga, Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi kompaniyalar soni 24 taga, Janubiy Koreya kapitali ishtirokidagi tashkilotlar soni 76 taga, AQSh kapitali ishtirokidagi xorijiy kompaniyalar soni esa 11 taga qisqargan.

2025 yilning 1 fevral holatiga, xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalarning eng yuqori ulushga ega bo‘lgan davlatlar kesimidagi soni quyidagicha:

  • Xitoy – 3 467 ta;
  • Rossiya – 2 973 ta;
  • Turkiya – 1 869 ta;
  • Qozog‘iston – 1 060 ta;
  • Janubiy Koreya – 660 ta;
  • AQSh - 303 ta.

 

Mavzuga oid