Jahon | 10:51 / 18.02.2025
5519
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Trampning kelishuvi Kiyevni iqtisodiy mustamlaka qilish bo‘lardi

Trampning Ukraina resurslari bo‘yicha shartlari «Germaniya va Yaponiyaga 1945 yildagi mag‘lubiyatidan keyin qo‘yilgan moliyaviy sanksiyalardan ham yomonroq», deb yozadi The Daily Telegraph.

Foto: Reuters

Tramp ma’muriyatining Ukraina nodir metallaridan foydalanish taklifi neft, gaz, portlar va boshqa infratuzilmani o‘z ichiga olgan mineral qazib olishdan ancha chuqurroqdir. Bu haqda 17 fevral, dushanba kuni taklif loyihasiga tayanib, The Daily Telegraph nashri yozdi.

AQSh tomonidan ilgari surilgan shartlar «AQSh tomonidan Ukrainani iqtisodiy mustamlaka qilish bilan barobar» va «bajarish mumkin bo‘lmagan tovon to‘lash yukini nazarda tutadi», deb yozadi gazeta. Unga ko‘ra, hujjat «Kiyevda sarosima va vahima keltirib chiqargan».

Hujjat loyihasida aytilishicha, Qo‘shma Shtatlar va Ukraina «mojaro tomonlari Ukrainani qayta qurishdan naf ko‘rmasligini» ta’minlash uchun qo‘shma sarmoya fondini tuzishi kerak. Shartnoma «yer osti boyliklari, neft va gaz resurslari, portlar va boshqa infratuzilmalarni (kelishuv bo‘yicha)» qamrab oladi. Ikkinchisi aniq nimaga tegishli ekanligi aniqlashtirilmagan.

Kelishuvga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Qo‘shma Shtatlardan Ukrainaning resurslar qazib olishdan keladigan joriy daromadlari yarmini, shuningdek, «uchinchi shaxslarga berilgan barcha yangi litsenziyalar (resurslarni qazib olish uchun)» narxining yarmini olishini istagan. Bunday daromadlar AQSh garov huquqiga tegishli bo‘ladi. «Bu band «avval bizga pul to‘lang, keyin bolalaringizni boqing» degan ma’noni anglatadi», dedi gazetaga muzokaralarga yaqin manbalardan biri. «Kelajakdagi barcha litsenziyalar uchun AQSh eksportga yaroqli foydali qazilmalardan birinchi bo‘lib voz kechish huquqiga ega bo‘ladi».

«Ikkinchi jahon urushidan keyingi tovon pulidan ham yomonroq»

Nashrning yozishicha, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy dastlab AQShga Ukraina nodir metallarini qazib olishda ulush berish g‘oyasini ilgari surgan. U, The Daily Telegraph yozganidek, Amerika kompaniyalari Ukrainada o‘z faoliyatini boshlaydi va bu Rossiyani hujumlardan qaytaradi, deb taxmin qilgan.

«Zelenskiy odatda urushda mag‘lub bo‘lgan tajovuzkor davlatlarga qo‘yiladigan shartlarga duch kelishni kutmagan bo‘lsa kerak. Ular Germaniya va Yaponiyaga 1945 yilda mag‘lubiyatga uchraganidan keyin qo‘yilgan moliyaviy sanksiyalardan ham battarroqdir», — deb yozadi gazeta. Agar kelishuv loyihasi qabul qilinganida, Trampning talablari Ukraina yalpi ichki mahsulotining Versal shartnomasiga ko‘ra Germaniyaga qo‘yilgan tovon pulidan ko‘ra ko‘proq qismini tashkil qilgan bo‘lardi, deb yozadi The Telegraph.

Mavzuga oid