O‘zbekiston | 15:55 / 17.02.2025
6793
7 daqiqa o‘qiladi

Yoritkich ustunlardagi kameralar: hukumat belgilagan talab nega ishlamayapti?

O‘zbekistonning istalgan hududida yoritkichga o‘rnatilgan kameraga ko‘zingiz tushadi. Toshkent shahrida ham bundaylari juda ko‘p. Bu kameralar shunchaki kuzatuvni amalga oshirmaydi: ular yo‘l harakati qoidabuzarliklarini ham qayd etib, jarimalar belgilashga xizmat qilmoqda. Masalan, poytaxt ko‘chalaridagi yoritkichlar egasi bo‘lgan “Toshshaharnur” bundan bexabar, hatto qonunga zid deb hisoblaydi.

Simyog‘och yoki yoritkich ustunlariga o‘rnatilgan, jarimalarni qayd etuvchi radarlar mavzusiga to‘xtalmoqchimiz. Negaki, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlarining o‘rnatilish talablari Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan aniq belgilab qo‘yilgan. Bunday moslamalar avtomobil yo‘lining qatnov qismiga xalaqit bermaydigan holda, o‘ng yoki chap yo‘nalishga “I”, “G”, “T” yoki “P” shakldagi metall ustunga o‘rnatilishi kerak.

Ammo qayerga qaramang, ayniqsa Toshkent shahrida son-sanoqsiz kuzatuv kameralari, oddiy aytganda radarlar ko‘chani yoritish ustunlariga o‘rnatib tashlangan.

Shu o‘rinda biroz moziyga qaytamiz: 2023 yilda Xorazmda tadbirkor tomonidan beton simyog‘ochga o‘rnatilgan radar bilan bog‘liq nizoli holat yuz bergandi: u tezlik oshirilganini qayd qilgan, viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi haydovchiga jarima qo‘llagan. Haydovchi esa tezlikni oshirmaganini, radar belgilangan talablarga zid ravishda o‘rnatilganini aytib, sudda yutib chiqqan. Alaloqibat o‘sha ma’muriy bayonnoma bekor bo‘lgandi.

Afsuski, Toshkent shahrida minglab yoritkichlar bor. Ularning ko‘pchiligiga kamera o‘rnatilgan. Bu qanchalik to‘g‘ri?

Toshshaharnur”: “yoritkich ustunlardagi kameralar qoidabuzarlik qayd qilmaydi”

Toshkent shahridagi yoritkich ustunlari “Toshshaharnur” davlat unitar korxonasi balansida, sodda aytganda egasi. Korxona bosh muhandisining aytishicha, yoritkichlarga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari bo‘yicha Toshkent shahar yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan o‘zaro kelishuv bor. Ammo ruxsatnoma faqatgina videokuzatuv uchun berilgan, unda qoidabuzarliklarni qayd etish nazarda tutilmagan.

Toshshaharnur” davlat unitar korxonasi balansidagi yoritish ustunlariga o‘rnatilgan kameralar asosan Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi kameralari bo‘lib, ular asosan kuzatuv kameralari hisoblanadi. Ular radarga yoki tezlik oshirganlik uchun tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan o‘rnatilmagan. Tadbirkorlik sub’yektlari balansimizdagi yoritish ustunlariga kameralar o‘rnatishi mumkin emas. Tadbirkorlarga alohida metall ustun o‘rnatib, shu orqali o‘zlarining tadbirkorliklarini amalga oshirish tavsiya etildi. Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan, alohida ustun uchun ruxsat olinib, Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda tadbirkorlar tomonidan o‘rnatilishi kerak”, – deydi korxona bosh muhandisi.

Ichki ishlar vazirligining holat bo‘yicha izohi esa buni inkor qilmoqda. Jumladan, Shohrux G‘iyosovga ko‘ra, yoritish ustunlariga o‘rnatilgan videokuzatuv kameralari yo‘l harakati qoidalarining buzilishlarini qayd etib, o‘tayotgan avtomobillarning davlat raqamlarini aniqlaydi va ma’lumotlarni “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markaziga uzatadi.

Markaz yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlarini aniqlash va ularga chora ko‘rish uchun ichki ishlar organlari o‘rtasida axborot almashinuvini ta’minlaydi.

Agar yoritkichlardagi kameralar qoidabuzarlik qayd etadigan bo‘lsa, bu hukumat qarori bilan belgilangan talablarga qanchalik mos? Bu borada Adliya vazirligi vakilidan ham munosabat oldik.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga xususiy sektorni jalb etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida ish olib boriladi. Ya’ni jarimalarni avtomatik tarzda qayd etadigan moslamalarni o‘rnatish talablari bor. Bu talabga ko‘ra, yo‘lning chap yoki o‘ng tomoniga G, T, P ko‘rinishidagi metall ustunga o‘rnatilishi kerak va yerdan kamida 6 metr balandlikda bo‘lishi nazarda tutilgan. Shu asosda aytishimiz mumkinki, bu talab bajarilmaganda o‘rnatilgan moslamalar noqonuniy deb topilishi lozim.

Aslida fuqarolarga maslahat berardimki, bu huquqiy madaniyatga borib taqaladi va o‘z haq-huquqlarini talab qilishlari kerak. Bu masala faqat sud tartibida ko‘rib chiqilishi mumkin. Sud organlari haqli”, - deydi Anasxon Hamdamov.

Shu paytgacha noqonuniy o‘rnatilgan radarlarga tushib, jarima to‘lab kelayotganlarning huquqlari nima bo‘ladi?

Albatta, bu huquqni qo‘llash amaliyoti bilan bog‘liq muammolar. Texnik talablarni sanab o‘tdim. Bu yerda davlat tomoni emas, balki jamoatchilik nazorati ham talab qilinadi. Jamoatchilik nazoratini o‘rnatish lozim. Fuqarolar o‘z huquqlarini talab qilishlari kerak.

Umuman, jamiyatda ijtimoiy va huquqiy munosabatlardan kelib chiqib muammolar bo‘lgandan so‘ng o‘sha bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun normativ hujjatlar yoziladi. Tartibga solish uchun bu yerda muammoli vaziyat bor. Ya’ni qarorda tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan o‘rnatiladigan moslamalar deb ketilgan. Savol tug‘ilishi mumkin: davlat tomonidan o‘rnatilgani nima bo‘ladi, deb masalaga yechim berish kerak. Aniq o‘zgartirish kiritish lozim deb o‘ylayman”, – deydi Adliya vazirligi axborot xizmati maslahatchisi.

Vazirlar Mahkamasi qarori ishlab chiqilishidan oldin aynan davlatnikini ham hisobga olish nazarda tutilganmi?

Masalan, qonunchilik ishlab chiqilishida huquqiy ekspertiza jarayoni bo‘ladi. Har bir hujjatni Adliya vazirligi huquqiy ekspertizadan o‘tkazadi. Bizda tegishli boshqarmalar bor. Bu bo‘yicha vazir o‘rinbosari va vazir ko‘rib chiqadi. Men unda ishtirok etmaganman”, – deydi Hamdamov.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: agar “Toshshaharnur” davlat unitar korxonasi tomonidan faqatgina videokuzatuv uchun ruxsatnoma berilgan bo‘lsa, yoritkichlardagi radarlar qaysi huquqiy me’yorlar asosida o‘rnatilmoqda? Nega hukumat qarori barcha uchun birday tatbiq qilinmayapti?

Mavzuga oid