“Avtobuslar uchun 100 ta kamera”: ular Toshkentda jamoat transportiga ajratilgan alohida yo‘lakdagi qoidabuzarliklarni qayd etadi

O‘zbekiston 20:01 / 26.12.2024 3567

Toshkent shahridagi barcha avtobuslarda 1 yanvardan yo‘lkira to‘lovlarini naqd shaklda to‘lash to‘xtatiladi. Buning ortidan transport yoki bank kartasi bo‘lmagan yo‘lovchilarning bir martalik chiptalarga ehtiyoji ortadi. Xo‘sh, poytaxtda bunday chiptalarni sotadigan shoxobchalar yetarlimi? Avtobuslar uchun ajratilgan alohida yo‘laklar borasida qanday yangiliklar kutilmoqda? Kun.uz muxbiri shu kabi savollar bilan poytaxt transport bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikromovga yuzlandi. 

Poytaxtda QR-chiptalar olish uchun shoxobchalar yetarli emas

Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikromovning ta’kidlashicha, poytaxtda 2 600 ta avtobekat mavjud. Hozirda ularning 300 dan ortig‘ida avtobus uchun bir martalik QR-chiptalarni olish shoxobchalari mavjud emas. Mas’ulga ko‘ra, ayni damda poytaxtdagi mavjud 5000 ga yaqin infokiosklarni tizimga integratsiya qilish ishlari ketmoqda.

“Qarorda har 300 yuz metr radiusda infokiosklar bo‘lishi kerakligi ko‘rsatilgan, biz maksimal darajada kioskalarni o‘rnatishga harakat qilmoqdamiz”, — deydi Mirakbar Ikromov. 

Chiptachilardan voz kechiladi”

Yo‘lkira uchun to‘lovlarni naqd to‘lash amaliyot bekor qilinishi ortidan chiptachilar faoliyatidan voz kechiladi. Ikromovning qayd etishicha, chiptachilar bilan shartnomalarni bekor qilish mehnat qonunchiligi asosida amalga oshiriladi, ularga dastlab bu borada ogohlantirish xatlari beriladi.

“Qonunchilikda ko‘rsatilgan tartib bor. Shu tartibga asosan ulardan voz kechish masalasi to‘g‘risida amaliy ishlarni boshlab yuborganmiz. 2025 yil 1 yanvardan ularga ogohlantirish xatlari beriladi va ikki oy mobaynida ushbu masala hal etilishini o‘ylab qo‘yganmiz”, — dedi u.

Avtobuslar uchun qoidabuzarliklarni qayd etadigan kameralar sotib olinadi

Poytaxt transport bosh boshqarmasi boshlig‘i ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Toshkent shahrida jamoat transporti uchun alohida yo‘laklar uzunligi 80 kilometrga yaqin. Qayd etilishicha, A tasmali yo‘laklardagi qoidabuzarliklarni aniqlash uchun avtobuslarga ham kameralar o‘rnatiladi.

“Haqiqatan ham avtoulovlarni noto‘g‘ri qo‘yib ketish holatlari ko‘p. Bunga qarshi kurashish maqsadida hozirda Toshkent shahrida 60 ta video kamera o‘rnatilgan. Bu raqamni yanvar oyida 200 tadan oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, yanvar-fevral oylarida “A” tasmali yo‘laklarda turgan [qoidabuzar] avtoulovlarni aniqlash uchun avtobuslarga qo‘shimcha 100 ta kamera xarid qilinadi”, — deydi Mirakbar Ikromov. 

Shahzod O‘roqboyev tayyorladi
Operator va montaj ustasi: Javohir G‘ayratov

Ko‘proq yangiliklar: