Sport | 12:49 / 14.02.2025
6114
3 daqiqa o‘qiladi

Chempionlar vatanga qaytishdi

Bangladeshda o‘tgan amputantlar o‘rtasidagi birinchi Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lgan O‘zbekiston jamoasi vatanga qaytdi.

O‘zbekiston amputantlar jamoasi Osiyo chempionatining guruh bosqichida Indoneziya (8:1), Bangladesh (3:0), Nepal (13:0) va Iroqni 4:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, finalda Indoneziya darvozasiga javobsiz 6 ta to‘p kiritildi.

Matonatli chempionlar 14 fevralga o‘tar kechasi O‘zbekistonga qaytib kelishdi. Qahramonlarni kutib olish marosimida Tribuna.uz ham ishtirok etib, turnir ishtirokchilarining musobaqa borasidagi fikrlari bilan qiziqdi.

Abdujamil Shukurov

— Musobaqa dastlab Hindistonda o‘tishi kerak edi. Negadir bekor bo‘lib qoldi. Orada qish keldi, sovuq tushdi. Turnirga tayyorlanishimiz uchun yopiq maydon kerak edi. O‘zimiz Yangiyo‘ldan maydon topdik. Qolganini Paralimpiyadagilar hal qilib berishdi. Yangi mehmonxonada yashab, sovuqda 2 mahal mashg‘ulot o‘tkazdik. Oson bo‘lmadi: sovuqdan 30 daraja issiq mamlakat — Bangladeshga bordik, ammo ko‘nikib ketdik. Tayyorgarlik ko‘ngildagidek bo‘lgani uchun xotirjam o‘ynab yutib keldik.

Chempionatda Iroq jamoasiga qarshi bahs qiyinroq kechdi, deb ayta olaman. Ularni mag‘lub etgach, murabbiy va o‘yinchi sifatida ko‘nglim xotirjam bo‘ldi.

35 yildan beri futbol o‘ynayman. Turkiyadagi yig‘inda Angliya va boshqa jamoalarga qarshi o‘rtoqlik bahsi o‘tkazdik. O‘shanda o‘ynamay, murabbiylik qildim va juda qiynaldim. Undan ko‘ra o‘ynash osonroq ekan. 5 karra jahon chempioni bo‘lgandim va mana Osiyo chempionligiga ham erishdim. Endi bemalol murabbiylik qilaversam bo‘ladi.

Qudrat Xudoyqulov

— Ilk Osiyo chempionatida birinchi o‘rinni oldik. Finalning va turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topildim. 33 ta gol urdik, 1 ta to‘p o‘tkazib yubordik. G‘alaba bilan butun o‘zbek xalqini tabriklayman.

Osiyodagi asosiy raqiblarimiz Eron va Iroq edi. Eronliklar qandaydir baxtsiz hodisa sababli kela olishmadi. Turnirdagi eng qiziqarli bahs Iroqqa qarshi kechdi.

Aziz Abdurahmonov

— Osiyo chempionati chiroyli o‘tdi. Musobaqaga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik. Nasib qilsa, keyingi yili o‘tkaziladigan jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘ramiz.

Ulug‘bek Toshpo‘latov

— Ilk Osiyo chempionatining oltin medalini qo‘lga kiritish — juda katta g‘urur. Kattalar oldin 5 karra jahon chempioni bo‘lishgan. Biz yosh qaldirg‘ochlarmiz. Nasib qilsa, biz ham 5 bor chempion bo‘lamiz. 

Bekzod Habibullayev

— Hammasi — mehnatlar samarasi. Birinchi Osiyo chempionatida g‘olib bo‘ldik. Bu kubok — butun O‘zbekistonniki.

Mavzuga oid