10 fevral yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Buxoroda magistral gaz quvuridagi yong‘in, supurgi ichiga yashirilgan 612 kilo nasha, yashil hududlarni betonlashtirish uchun jazo hamda aholisi eng ko‘p shahar va tumanlar — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Buxoroda magistral gaz quvurida avariya ro‘y berdi
Buxoro viloyatidagi «Buxoro–Ural» magistral gaz quvurida yong‘in sodir bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, diametri 1020 mm bo‘lgan va 26 kg bosimdagi quvurning 106-kilometrida 10 fevral soat 11:26 da gaz chiqishi tufayli yong‘in kelib chiqqan.
Soat 11:30 da gaz uzatish to‘xtatilib, yong‘in batamom o‘chirilgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar va tan jarohati olganlar yo‘q. Eng yaqin aholi maskani Romitan tumani «Qizilrabot» mahallasi, avariya sodir bo‘lgan joydan 40 km uzoqlikda joylashgan.
Buxorodagi avariya tufayli metan shoxobchalar yopilgani haqida xabarlar tarqaldi, ammo Energetika vazirligi bunday cheklovlar rasman yo‘qligini bildirdi. Boshlang‘ich ma’lumotda vaqtinchalik cheklovlar haqida aytilgan bo‘lsa-da, keyinroq vazirlik shoxobchalar hozirgi rejimda ishlashda davom etishini e’lon qildi.
94 kishi jinoiy reydlarda jinoiy javobgarlikka tortildi
O‘zbekistonda axloq va sog‘liqqa qarshi jinoyatlarni aniqlash, giyohvandlik vositalari tarqalishining oldini olish maqsadida «Oriyat» va «Qoradori» keng ko‘lamli tadbirlari o‘tkazildi.
Jumladan, o‘tkazilgan reydlar davomida 93 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 94 kishi jinoiy javobgarlikka tortilmoqda.
29 kg giyohvandlik vositalari va 9421 dona psixotrop dorilar musodara qilindi, odam savdosida gumonlangan 3 kishi Toshkent aeroportida ushlandi.
Tezkor tadbirlarda 53 nafar qidiruvdagi shaxs ushlangan
Tadbirlar doirasida saunalar, SPA salonlar, mehmonxonalar, karaoke barlar va boshqa jamoat joylari tekshirildi. Shuningdek, 656 nafar shaxs bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, 234 nafari rasmiy ogohlantirildi.
Surxondaryoda 612 kg giyohvandlik moddasi qo‘lga olindi
Surxondaryoda supurgilar dastagiga yashirilgan 612 kg gashishni respublika hududiga olib kirishga urinish fosh etildi.
DXX Chegara qo‘shinlari va Bojxona qo‘mitasi xodimlari 9 fevral kuni «Termiz avtoyo‘llari» xalqaro o‘tkazish punkti orqali tranzit o‘tish uchun kirib kelgan yuk mashinasini tekshirish jarayonida shubhali yukni aniqladi. 13,5 tonna supurgi ortilgan yuk mashinasi chuqurroq ko‘rikdan o‘tkazilganda, 2986 dona supurgi dastaklarida polietilen o‘ramlarga o‘ralgan giyohvand moddalar borligi ma’lum bo‘ldi.
Ekspress-analiz natijalariga ko‘ra, 612 kg giyohvandlik moddasi «gashish» ekani tasdiqlandi. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Yashil hududlarni betonlashtirish uchun jazo
2025 yil 1 iyuldan boshlab ko‘p qavatli uylar hududlarida tuproq va yashil qoplamali maydonlarni o‘zboshimchalik bilan betonlashtirish va qurilma o‘rnatish uchun jazo kuchaytiriladi.
Bu haqda «O‘zbekiston–2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlangan prezident farmonida belgilandi.
Xo‘sh, yangi tartib nimani o‘z ichiga oladi?
- Yashil hududlarni himoya qilish va betonlashtirishni cheklash;
- Atrof-muhitga zarar yetkazishning oldini olish;
- Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish;
- Shaharlarda ekologik muhitni yaxshilash kabi choralar nazarda tutilmoqda.
Farmonda ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiiy resurslarni tejash va «yashil iqtisodiyot» tamoyillarini joriy etishga urg‘u berilgan. Quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish, mikro va kichik GESlarni kengaytirish ham strategiyaning asosiy maqsadlaridan biri sifatida belgilandi.
O‘zbekistonda aholisi eng ko‘p tuman va shaharlar
O‘zbekistonda aholisi eng ko‘p tuman va shaharlar qaysilari ekanini bilasizmi? Statistika agentligi poytaxt Toshkent shahridan tashqari O‘zbekistonda aholisi eng ko‘p bo‘lgan tuman va shaharlar ro‘yxatini e’lon qildi.
Unga ko‘ra eng ko‘p aholi yashaydigan shaharlar uchligi quyidagilar:
1. Namangan – 713,4 ming kishi
2. Samarqand – 595,8 ming kishi
3. Andijon – 492,4 ming kishi
Eng ko‘p aholi yashovchi tumanlar esa:
1. Samarqand viloyati Urgut tumani – 572,6 ming kishi
2. Surxondaryo viloyati Denov tumani – 430,5 ming kishi
3. Toshkent shahri Olmazor tumani – 412,0 ming kishi
Shuningdek, Yunusobod (385,2 ming), Shayxontohur (369,9 ming) va Asaka (362,1 ming) tumanlari ham aholi soni bo‘yicha yetakchi hududlar qatoriga kirgan.
2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda doimiy aholi soni 37,5 mln kishini tashkil etdi.
O‘zbekiston YaIM 115 mlrd dollarga yetdi
O‘zbekiston iqtisodiyoti 2024 yilda 6,5 foizga o‘sib, yalpi ichki mahsulot hajmi 1,45 kvadrillion so‘m yoki 114,9 mlrd dollarni tashkil etdi.
Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, aholi jon boshiga YaIM 3 ming 93 dollar bo‘lib, 2023 yilga nisbatan 4,4 foizga o‘sgan. 2020 yil bilan solishtirilganda o‘sish 19,5 foizni tashkil qildi.
YaIM tarkibida xizmat ko‘rsatish sohasining ulushi 47,4 foizga, sanoat ulushi 26,4 foizga oshgan. Qishloq xo‘jaligi ulushi esa 19,2 foizga va qurilish ulushi 7 foizga pasaygan.
Mavzuga oid

21:01 / 11.03.2025
11 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

00:19 / 08.03.2025
7 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

20:30 / 06.03.2025
6 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

21:22 / 05.03.2025