O‘zbekiston | 15:26 / 01.02.2025
2069
2 daqiqa o‘qiladi

Sanepidqo‘m faoliyati tartibi belgilandi

Vazirlar Mahkamasining "Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Prezident qaroriga muvofiq Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi qo‘mitasining asosiy vazifalari quyidagilar:

  • sanepid sohasidagi potensial xavflarni aniqlash va baholash, yuqumli kasalliklarning tabiiy o‘choqlarida epidemiologik monitoring va epidemiyaga qarshi tadbirlar majmuini o‘tkazish;
  • sanitariya-gigiyena laboratoriyalari, radiatsion gigiyena, fizik omillar, bakteriologiya, virusologiya, parazitologiya va o‘ta xavfli kasalliklarni tashxislash faoliyatini tashkil etish;
  • jamoat salomatligi, kasalliklar profilaktikasi va aholining sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi sohasida davlat siyosatini amalga oshirish va boshqalar.

Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizom quyidagilarni belgilaydi:

  • qo‘mitaning vazifalari va funksiyalari;
  • Sanepidqo‘m faoliyatini tashkil etish va uning rahbariyati;
  • qo‘mita faoliyatining samaradorligi va natijadorligi ko‘rsatkichlari hamda uni baholash mezonlari;
  • moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minot manbalari;
  • xodimlarning mehnatiga haq to‘lash, ularni moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy imtiyozlar.

Qo‘mita o‘z faoliyatida majburiy tibbiy choralarni davolash yoki karantinda saqlash ko‘rinishida qo‘llash huquqiga ega.

Shuningdek, zarur bo‘lganda xo‘jalik va boshqa faoliyatning alohida tartibini nazarda tutuvchi, yuqumli va parazitar kasalliklarning tarqalishini oldini olishga qaratilgan tibbiy-sanitariya choralari qabul qilinishi mumkin.

Sanepidqo‘m yuqumli kasalliklar tarqalishining haqiqiy xavfi yuzaga kelganda mulkchilik shaklidan qat’i nazar obektlarda tekshiruvlar o‘tkazishi, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari buzilishi holatlari aniqlanganda litsenziyalar va ruxsat beruvchi hujjatlarni to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish masalasini hal etish uchun tegishli organlar va tashkilotlarga taqdimnomalar yuborishi mumkin.

Mavzuga oid