WannaCry virusini to‘xtata olgan dasturchi virus yaratishda ayblanmoqda

Foto: SS0 Public Domain
Federal qidiruvlar byurosi WannaCry ta'magir-virusini bir o‘zi to‘xtata olgan va 3 avgustda hibsga olingan dasturchi Markus Xatchinsni nimada ayblayotgani ma'lum bo‘ldi.
Viskonsin shtati tuman sudida aytilishicha, Buyuk Britaniya fuqarosi bo‘lgan 22 yoshli Xatchins Kronos deb nomlangan bank troyanini yaratishda ayblanmoqda. Bu virus bank onlayn-operatsiyalari va kredit kartalardagi ma'lumotni o‘g‘irlash uchun qo‘llangan.
AQSh hukumatining ta'kidlashicha, dasturchi ushbu dasturni shaxsiy foyda ko‘rish maqsadida reklama qilgan va sotgan. Kronos virusi mutaxassislar tomondan ilk bor 2014 yil iyulda aniqlangan.
AQSh hukumati vakilining aytishicha, Xatchinsga qo‘yilayotgan ayblovlar WannaCry virusi tarqalishiga aloqador emas.
Bu ishda yana bir gumonlanuvchi bor, biroq u ozodlikda ekanligi yoki qo‘lga olingani ma'lum qilinmagan.
Xatchins Las-Vegasda ushlangandi. U Kryptos Logic kompaniyasi xodimi hisoblanadi. U tasodifan WannaCry virusi tarqalishini to‘xtata olgandan keyin mashhur bo‘lib ketgan.
Mavzuga oid

18:25 / 14.12.2024
Hakerlar troyan viruslarini O‘zbekistonda keng tarqatayotgani ma’lum bo‘ldi

00:30 / 21.04.2019
WannaCry virusi tarqalishini to‘xtatgan britaniyalik ekspert boshqa bir virusni tarqatganligiga iqror bo‘ldi

12:15 / 15.11.2018
Kuchli virus qaytdi va butun dunyo bo‘ylab kompyuterlarni egallab oldi

18:17 / 20.08.2017