“Cherry mashinasi bor, ammo...” – muhtoj sifatida nafaqa olayotgan 20 mingdan ortiq oila reyestrdan chiqarildi

O‘zbekiston 11:42 4918

31 yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov prokuratura organlari tomonidan mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, jinoyatchilikning oldini olish borasida 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, prokuratura organlari tomonidan kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha manzilli ishlar olib borilib, qariyb 2 million oilaga ko‘mak berilgan, ularning oila a’zolari ishga joylashtirilishi natijasida turmush sharoitlarini yaxshilashga erishilgan.

Bosh prokuratura 2024 yilda o‘tkazgan nazorat tadbirlari davomida ijtimoiy yordam mablag‘larini olib kelayotgan 20 ming 129 ta oila reyestrdan chiqarilgan, budjetdan 32 mlrd so‘m mablag‘ to‘lanishining oldi olindi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning Kun.uz'ga taqdim qilgan misollariga ko‘ra, Buvayda tumanida yashovchi fuqaro xonadonida 38 bosh qoramoli, Yozyovon tumanida yashovchi fuqaro savdo do‘koni, Jalaquduq tumanida yashovchi fuqaro oilasi foydalanuvida Cherry rusumli avtomashinasi mavjud bo‘lsa-da, nafaqa olib kelayotgani aniqlangan. Ular reyestrdan chiqarildi.

O‘rganishlarda ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan holda reyestrga kiritilmagan 5 ming 274 ta oila reyestrga kiritilib, davlat ijtimoiy himoyasiga olinishi ta’minlandi.

Shuningdek, 2024 yilda aholi bandligini ta’minlash doirasidagi nazorat tadbirlari davomida:

  • 489 nafar fuqaroga kechiktirilgan 3,8 mlrd so‘m ish haqlari undirib berildi;
  • 78 ta holatda 11,2 mlrd so‘mlik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar talon-toroj qilingani aniqlanib, aybdor shaxslarning javobgarlik masalasi hal qilindi;
  • hisobotlarda 862 ming 350 ta yangi ish o‘rni qo‘shib yozilgani aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi;
  • 4,7 mlrd so‘mlik zarar ixtiyoriy undirildi, fuqarolar manfaatini ko‘zlab sudlarga 31,2 mlrd so‘mlik 2 ming 185 ta da’vo arizalari kiritildi.
Ko‘proq yangiliklar: