«Manchester Siti» «Arsenal» mehmoni, Milanda derbi. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 13:45 3725

Abduqodir Husanovga Pep Gvardiola navbatdagi imkoniyatni beradimi? Shomurodovning Yevropa Ligasidagi goli «Napoli»ga qarshi o‘yinda ham maydonga tushishiga asos bo‘la oladimi? Kuchli beshlik anonslarida hamyurtlarimizning ham nomi yozilishi naqadar xursand qiladi odamni, shunday emasmi? Bu hafta ham Yevropada bir qator qiziqarli uchrashuvlar bizni kutmoqda. «Liverpul» jiddiy sinov uchun Bornmutga tashrif buyursa, shuningdek, bizni mavsumdagi uchinchi Milan derbisi kutib turibdi.

BORNMUT – LIVeRPUL (1 fevral, 20:00)

Agar Angliyada ayni damda «Liverpul»ga chindan ham muammo tug‘dirishi mumkin bo‘lgan jamoa mavjud bo‘lsa, u ham «Bornmut»dir. Iraola shogirdlari so‘nggi oylarda juda zo‘r sport formasiga kirib oldi – 12 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriya, oxirgi 5 o‘yinda urilgan 17 gol va yana bir qator statistik ko‘rsatkichlarda jamoa juda yaxshi ko‘rsatkichlar qayd etgan. «Bornmut»ning bu yuksalishi aslida so‘nggi paytlardagi seriya bilangina bog‘liq ham emas, zero mavsum boshidan buyon jamoa ko‘rsatilgan o‘yinning statistik asosi bo‘lmish xG bo‘yicha APLda 3-o‘rinda borayotgandi. So‘nggi turlarda shunchaki, «Bornmut»ni omadsizlik biroz tark etdi xolos. Bundan tashqari, g‘alabali seriyalarni taqvim bilan bog‘lash ham qiyin. Masalan,shu davrda «Bornmut» «Manchester Yunayted», «Nyukasl», «Chelsi» kabi jamoalarga qarshi safarda to‘p surganini ta’kidlash mumkin.

Yana bir e’tiborli jihat, qatorasiga ikki o‘yindan beri «Bornmut» futbolchilari het-trik qayd etishmoqda. Nyukaslda Jastin Klyuvert bunday natijaga erishgan bo‘lsa, «Nottinghem»ga qarshi Kuattara uch gol muallifi bo‘ldi. Umuman bu juftlikning so‘nggi o‘yinlardagi statistikasi ajoyib: Kuattara oxirgi 6 o‘yinda 6 gol va 1 assist, Klyuvert esa so‘nggi 4 o‘yinda 5 gol va 3 assist qayd etishga muvaffaq bo‘ldi.

«Liverpul» esa tabiiyki, yevrokuboklarning yaqinlashib kelayotgan bo‘hroni oldidan ochko yo‘qotmaslikka, imkon qadar chempionatdagi farqni kattalashtirishga urinadiki, bahorda xato qilish imkoniyati bo‘lsin. Ayniqsa, «Arsenal» «Manchester Siti»ga qarshi o‘ynaydigan turda ta’qibchilarning ochko yo‘qotishi ehtimoli ayni muddao. Jamoa Chempionlar Ligasi so‘nggi turida ham deyarli ikkinchi tarkib bilan to‘p surdi, bor imkoniyat ushbu qiyin safarga qaratilgani shubhasiz.

Odatda o‘zaro o‘yinlarda «Liverpul» ochkosini osonlik bilan qo‘lga kiritishga o‘rganib qolgan. O‘tgan mavsum har ikki o‘yin ham marsisaydliklarning yirik g‘alabasi bilan tugagandi. Ammo undan avvalgi mavsumda mezbonlarning g‘alabasi ham ko‘pchilikning, ayniqsa, Salohning yodida bo‘lsa kerak. O‘shanda misrlik futbolchi penaltini golga aylantira olmagandi. Saloh deganda, esga tushadigan yana bir qiziq voqea – 2022/23 yilgi mavsumda «Liverpul» «Bornmut» ustidan 9:0 hisobida g‘alaba qozongan, ammo butun uchrashuv harakat qilgan Saloh birorta ham gol ura olmagan, assist ham amalga oshirmagandi.

Jarohatlarga kelsak, «Bormunt»da jarohatlangan futbolchilar juda ko‘p va ancha vaqtdan buyon Iraola mana shu shartlarda shogirdlarini tayyorlab kelmoqda. Bu murabbiyning muvaffaqiyati qadrini yanada oshiradi. Evanilson, Unal, Xill, Smit, Sinestra kabi futbolchilar asosiy tarkibning vakillari edilar. Ular ichida faqat Sinestra mashg‘ulotlarga qaytgan, ammo bu o‘yinga tayyor bo‘lishi qiyin masala. Mehmonlardan Kertis Jons, Jota, hamda Gomeslar maydonga tusha olishmaydi. Shuningdek, Brentfordda so‘nggi daqiqalarda tushib, jamoa g‘alabasini ta’minlagan Darvin Nunezning ham mazkur o‘yinda qatnashishi so‘roq ostida.

BReST – PSJ (1 fevral, 21:00)

Kecha Chempionlar Ligasida qur’a marosimi bo‘lib o‘tdi va unga ko‘ra nimchorak finalga o‘tish uchun «Brest» va «PSJ» kuch sinashadigan bo‘ldi. Ilk uchrashuv 11 fevral kuni Brestda bo‘lib o‘tadi. Bugun esa bu ikki jamoa Fransiya chempionatida o‘zaro to‘qnash keladi. Qaysidir ma’noda bu bo‘lajak muhim o‘yinning repititsiyasi bo‘ladi, deb ham aytish mumkin.

Aynan Chempionlar Ligasi to‘qnashuvini muhimroq deyayotganimizning sababi tushunarli, zero Fransiya chempionatida hammasi ma’lum – «PSJ» 10 ochkolik farq bilan peshqadamlik qilmoqda, «Brest» esa 8-o‘rinda joylashgan va nari borsa yevrokuboklar zonasiga harakat qilib ko‘rishi mumkin xolos. Ammo «Brest»ning Chempionlar Ligasi kashfiyotlaridan biri bo‘lishi, ma’lum vaqt hatto peshqadamlar qatorida bo‘lgani jamoaning alohida o‘yinlarga yaxshi tayyorlana olishidan ham dalolat qiladi.

Yana bir qo‘sh intriga bor. Parijliklar chempionatda hali birorta ham mag‘lubiyaga uchragani yo‘q va kuchli beshlikda bu borada yagona jamoa bo‘lib turibdi. Ikkinchidan, «Brest» o‘z tarixida Fransiya yuqori ligasida 14 mavsum to‘p surib, parijliklar bilan 29 marta kuch sinashgan bo‘lsa, atigi 4 marta g‘alaba qozongan. Yangi tarixda esa umuman g‘alaba yo‘q – oxirgi 19 o‘yinda atigi 2 durang va 17 mag‘lubiyat. «Brest» mana shu noxush an’anaga ham barham berishga urinib ko‘radi.

O‘zaro o‘yinlar statistika bu qadar yaqqol ko‘rinsa-da, eng so‘nggi o‘yinlarga e’tibor bersak, «Brest»ga doim sal qolayotganini ko‘ramiz. To‘g‘ri, birinchi davrada parijliklar 3:1 hisobida g‘alaba qozonishdi, ammo o‘tgan mavsumda har ikki o‘yin ham qattiq kurashlarda kechgan. Parijdagi o‘yinda 2:2 hisobi qayd etilgan bo‘lsa, Brestda mehmonlarning so‘nggi daqiqalardagi goli hisobni 3:2 ga yetkazgan. Undan oldingi o‘yinda ham faqat Mbappening so‘nggi daqiqalardagi goli mehmonlarga 2:1 hisobidagi g‘alabani ta’minlab bergandi.

Maydon egalari safida Loko, Amavi, Aydara, Marten kabi futbolchilar o‘ynay olishmaydi. Barchasi mana shu oyda tiklanishi belgilangan bo‘lsa-da, bugungi o‘yinga tayyor emas. Parijliklar safida Joao Neveshning bir necha haftaga safdan chiqqani jiddiy yo‘qotish. Shuningdek Zair-Emeri kamida oy oxirigacha maydonga tusha olmaydi.

ARSeNAL – MANCheSTeR SITI (2 fevral, 21:30)

Tabiiyki, Abduqodir Husanovning transferidan so‘ng «Manchester Siti»ning har qanday o‘yini muxlislar e’tibori markazida bo‘ladi, ammo shuningdek, fevral oyi Pep Gvardiola shogirdlari uchun juda og‘ir taqvim ekanini ham ta’kidlash kerak. «Manchester Siti» «Arsenal»dan tashqari, «Nyukasl», «Tottenhem», «Liverpul» kabi jamoalarga qarshi APL doirasida, shuningdek, Chempionlar Ligasida «Real» bilan ikki o‘yin kutib turibdi. Jamoa ambitsiyalari uchun juda muhim oy, qaysidir ma’noda «Manchester Siti» uchun ushbu mavsum hal bo‘ladi.

Abduqodir Husanovga kelsak, uning bu o‘yinga tushmaslik ehtimoli ham katta. Aytish mumkinki, Gvardiolaning bunday qaroriga futbolchimizning «Chelsi»ga qarshi o‘yindagi xatolari sabab bo‘lmaydi. Pep o‘sha o‘yindan keyin ham ta’kidlab o‘tganidek, Husanov «Chelsi» bilan o‘yinga ham aslida tayyor bo‘lmagan, shunchaki, markaziy himoyada boshqa variant qolmagandi. Diash hali ham qaytmaganini e’tiborga olsak, ayni damda Stounz – Akanji juftligi «Arsenal»ga qarshi asosiy variant sifatida ko‘rilishi mumkin. Ammo boshqa tarafdan qarasak, birinchidan, har ikki futbolchi «Bryugge»ga qarshi asosiy tarkibda harakat qilgani, Husanov esa dam olganini e’tiborga olinsa, Gvardiola hamyurtimizga yana bir imkoniyat berishi ham mumkin. Ikkinchidan, o‘ng qanotda aslida himoyachi bo‘lmagan Nunes bir necha o‘yindan beri maydonga tushib kelmoqda – «Arsenal»ga himoyaviyroq taktika tanlanishi mumkinligidan kelib chiqsak, Husanov o‘ng qanotda ham o‘ynay olishini yaxshi bilamiz. Xullas hali hammasi noma’lum, biz esa Husanovning hech bo‘lmasa ikkinchi bo‘limda maydonga tushishidan umid qilib qolamiz. Darvoqe, Husanovning «Lans» tarkibida «Arsenal»ga qarshi tajribasi ham bor – o‘tgan yili Chempionlar Ligasida Londonda mehmon bo‘lgan va 30 daqiqa harakat qilgandi.

Turnir nuqtai nazaridan «Arsenal» uchun bu o‘yinning bahosi kattaroq. «Manchester Siti» 4-5 o‘rinlar uchun kurashyapti, deb qarasak, u yerda imkoniyat ko‘p, ammo «Arsenal» agar hali ham chempionlikni o‘ylayotgan bo‘lsa, hech bir o‘yinda ochko yo‘qotmasligi shart. Hozirda «Liverpul» bilan yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha farq 9 tani tashkil qilmoqda va bu farqning salbiy tomonga o‘zgarishi Arteta shogirdlarini poygadan deyarli chiqaradi. Bu esa nafaqat jamoaga, balkim murabbiylar shtabiga ham bosimni orttirishi tabiiy. Arteta besh yildan beri jamoani boshqarib kelmoqda va oxirgi yillardagi chempionlik kurashi boy berilgani nisbatan olganda to‘g‘ri tushunilishi mumkin edi, zero «Manchester Siti» qay darajada kuchli bo‘lganini yaxshi bilamiz. Ammo bu safar ham londonliklar sovrindan quruq qolishsa, so‘rov og‘irroq bo‘ladi. Chunki yozda murabbiyni almashtirgan va birorta ham transfer amalga oshirmagan «Liverpul» chempionlikni ilib ketsa, albatta bu muammo sifatida qaraladi. Axir o‘tgan mavsumda har ikki jamoa deyarli bir xil darajada bo‘lgandilar.

Jarohatlanganlarga kelsak, «Manchester Siti»da Diash va Akedan tashqari, Doku ham hali tiklanib ulgurgani yo‘q. Yaxshi xabarlardan, mavsum boshida uzoq muddatga safdan chiqqan Oskar Bobb mashg‘ulotlarga qaytdi. Ammo uning ushbu o‘yin qaydnomasidan o‘rin olishi so‘roq ostida. Mezbonlardan esa Uayt va Saka o‘ynay olmaydi. Shuningdek, darvozabon David Rayaning ham holati so‘roq ostida.

Jamoalarning birinchi davradagi to‘qnashuvi ham barchaning yodida bo‘lsa kerak. Trossarning qizil kartochkasi, mezbonlarning so‘nggi daqiqalarda hisobni tenglashtirishi, Holand va Arteta o‘rtasidagi dahanaki jang, shundan so‘ng norvegiyalik hujumchida omadsiz seriyaning boshlanganligi. Xullas, bu safar ham o‘sha prinsipial bahsning davomini ko‘rishdan umid qilamiz.

MILAN – INTeR (2 fevral, 22:00)

Italiya futbolining ashaddiy muxlislari Londondagi to‘qnashuvga chalg‘imay, Milan derbisiga e’tibor qaratishlari tabiiy. Turnir jadvalida bir-biridan uzoq bo‘lsa-da, bu derbi doim o‘zining alohida muhiti bilan barchani o‘ziga jalb qila oladi. Ha, hozirda jamoalarni 16 ochko ajratib turibdi, «Inter» chempionlik uchun kurashayotgan bo‘lsa, «Milan» uchun Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi ham katta muvaffaqiyat sanaladi. Ammo shu mavsumning o‘zidagi o‘yinlarga qarasak ham «Milan»ning qo‘li baland kelayotganini ko‘rish mumkin. Avval chempionatda «Milan» so‘nggi daqiqalardagi gol evaziga uch ochko egasiga aylangan bo‘lsa, yaqinda Italiya superkubogi finalida 3:2 hisobida irodali g‘alabaga erishdi. O‘yin davomida «Inter» 2:0 hisobida oldinda bo‘lganini ham ta’kidlash kerak. Demak bu «Inter» uchun nafaqat turnir jadvali, balki ashaddiy raqibidan qasos olish nuqtai nazaridan ham juda muhim.

Superkubokdagi g‘alaba «Milan»ning yangi murabbiyi Serjio Konseysauning debyut o‘yinlari edi, jamoaga juda yaxshi emotsional turtki bo‘ldi. Ammo keyingi o‘yinlarda natijalar kutilganidek barqaror emasligini ham ta’kidlash kerak. O‘sha finaldan keyin kutilmaganda «Kalyari» bilan durang qayd etildi, keyin Turinda «Yuventus»ga imkoniyat bor berildi. «Parma» bilan o‘yin muxlislarning asabini sinovdan o‘tkazdi – jamoa faqat hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalardagina ikki gol urib g‘alaba qozondi. Uch kun oldin esa Chempionlar Ligasida Zagrebda mag‘lubiyat sodir bo‘ldi. Bu mag‘lubiyatning og‘riqli tomoni, agar milanliklar g‘alaba qozonganida, kuchli sakkizlikka chiqishardi va «Feyyenord»ga qarshi ortiqcha pley-offdan xalos bo‘lishardi. Xullas, Konsensau boshchiligida hozircha «Milan» yo mag‘lub bo‘lyapti yoki faqat irodali va asabiy g‘alabalarga erishyapti. Qilinadigan ishlar ko‘p.

Tarkiblarga kelsak, avvalo Alvaro Morataning Turkiyaga yo‘l olayotganini aytib o‘tish kerak. Zagrebdagi o‘yinda 45 daqiqa harakat qilgan ispaniyalik hujumchi «Galatasaray» tarkibida to‘p suradigan bo‘ldi. Shuningdek, kirish transferi ham bor – Kayl Uoker «Manchester Siti»dan keldi. Yo‘qotishlarga kelsak, Yusuf Fofana «Parma» bilan o‘yindagi sariq kartochkasi tufayli derbiga diskvalifikatsiya qilingan. Emerson, Loftus-Chik, hamda birinchi davradagi derbida hal qiluvchi golni urgan Matteo Gabbiyalarda jarohat bor. Nominal mehmonlar safida yo‘qotishlar yo‘q.

Darvoqe, «Milan» ustozi Serjiu Konseysau o‘z vaqtida «Inter» safida to‘p surgan. Jumladan, 2003 yilgi Chempionlar Ligasidagi mashhur yarimfinallarda ham u ko‘k-qoralar safida maydonga tushgandi.

BOShQA O‘YINLAR

1 fevral. BAVARIYa – Xolshteyn (19:30), Haydenxaym – BORUSSIYa D (19:30), NYuKASL – Fulhem (20:00), ATALANTA – Torino (22:00), Vulverhempton – ASTON VILLA (22:30), ATLeTIKO – Malyorka (22:30), Espanol – ReAL (2 fevralga o‘tar kechasi, 01:00)

2 fevral. YuVeNTUS – Empoli (16:30), BARSeLONA – Alaves (18:00), Brentford – TOTTeNHEM (19:00), MYu – Kristal Pelas (19:00), BAYYeR – Xoffenxaym (21:30), ROMA – NAPOLI (3 fevralga o‘tar kechasi, 00:45), MARSeL – LION (3 fevralga o‘tar kechasi, 00:45),

3 fevral. CheLSI – Vest Hem (4 fevralga o‘tar kechasi, 01:00).

Ko‘proq yangiliklar: