Onasi va buvisi isitma bilan kasalxonaga olib kelingan chaqaloqqa dastlabki muolajalar ta’sir qilmaganini aytmoqda. Qizaloqning ahvoli og‘irlashavergach, u reanimatsiyaga olingan. “Hamshiralar ukol qilayotganda tomirga to‘g‘ri tusha olmay, qizimning qo‘lini har joyidan 4-5 martadan teshib tashlashdi”, — deydi qizaloqning onasi.
Toshkent shahar 1-son bolalar klinik shifoxonasida ikki oylik chaqaloqning chap qo‘l panjasi bilagigacha kesib tashlandi. Operatsiyaga qizaloqning qo‘l tomirida qon qotishi ortidan gangrena yuzaga kelgani sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Go‘dakning onasi Diyora Mahkamova ma’lum qilishicha, farzandi Hadicha Javdatovani 2024 yil 9 dekabr kuni isitmalagani sabab kasalxonaga olib kelgan. Shifokor qabuliga tonggi soat 06:00 lar atrofida kirgan. Chaqaloq navbatchi shifokor – G.U. tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Bemorga tomoq shishi tashxisi qo‘yilgan. Shifokor yosh onaga xonalarning barchasi bandligi, faqat yo‘lakda joy borligi, koridorda yotib davolanish mumkinligini aytgan. Bo‘sh joy yo‘qligidan ona dorilar ro‘yxatini olib bolasi bilan uyiga qaytgan. 3-4 soat davomida qizaloqda isitma tushmagan. O‘sha kunning o‘zida ota-ona farzandini xususiy klinikalardan biriga olib borgan.
“U yerdagilar “ikki oylik chaqaloqqa qaramaymiz, javobgarlikni bo‘ynimizga ola olmaymiz” deb bizni qaytarib yubordi. Keyin yana shu kasalxona (1-son bolalar klinik shifoxonasi)ga keldik. Soat 16:00 lar atrofida N.S. ismli boshqa vrach bizni qabul qildi. Kunning ikkinchi yarmida palatalardan biriga joylashdik. Ëtishga joylar bor, 2-3 ta xona bo‘m-bo‘sh edi”, – deydi ona.
Diyora Mahkamovaning ma’lum qilishicha, u farzandi bilan soat 12:00 dan oshganda shifoxonaga qaytib kelgan. Navbat ko‘pligi sabab isitmalayotgan bola soat 16:00 gacha qabul bo‘limida qolib ketgan. Bu orada qizaloqning holati yanada og‘irlashgan. Taxminan 16:30 larda ona-bola palataga joylashtirilgan. Onaning ta’kidlashicha, bemordan anamnez yig‘ilmagan, kasallik tarixi ham o‘rganilmay, muolajalar boshlab yuborilgan.
“Bu mening uchinchi farzandim. Hujjatga esa birinchi farzand deb yozib qo‘yishgan. Shu darajada e’tiborsizlik bo‘ldiki, hatto bizdan anamnez ham olinmadi. Borganimizdan bolamga antibiotiklar qilindi. Nomlari aniq esimda yo‘q, lekin dorilarning turi uch martagacha almashtirildi. Hamshiralar ukol qilayotganda tomirga to‘g‘ri tusha olmay, qizimning qo‘lini har joyidan 4-5 martadan teshib tashlashdi, rasmlarda ham buni ko‘rsangiz bo‘ladi”, – deya xo‘rsinadi ona.
Muolaja vaqtida chaqaloqning qo‘lidan osma ukol venaga yuborilganda uning barmoqlari qotib, muzlab qolgan. Bu haqida ona shikorlarga ma’lum qilgan. Mas’ullar bunday holat yangi tug‘ilgan bolalarda “kapelnitsa” olish paytida tez-tez takrorlanib turishi, birozdan so‘ng o‘tib ketishini ta’kidlangan. Bu gaplardan keyin onaning ko‘ngli xotirjamlashib, 2-3 kun o‘tishini kutgan, biroq chaqaloqning qo‘li yaxshilanish o‘rniga ahvol yomonlasha boshlagan. Yo‘tal va isitma ham kuchaygan. Dorilar va muolajalar yaxshi ta’sir qilmagan.
Kasalxonaga yotqizilganidan yetti kun o‘tib, 16 dekabr sanasida, onaning o‘zi bolasini reanimatsiyaga olib tushgan. Chaqaloqning ahvoli og‘ir bo‘lgani sabab, uni shu bo‘limda olib qolishgan. Ertasiga davolovchi shifokor — N.C. bolani o‘z nazoratiga olgan.
Hadichaning buvisi Nodira Aliyevaning aytishicha, reanimatsiyada osma ukol qilinayotganda chaqaloq qo‘l tomiriga kateter qisib mahkamlangan. Shu sabab tomirning tepa va past qismida 18 dekabr sanasidan ko‘karishlar paydo bo‘lgan. Qizaloqning qoni quyuq bo‘lishi qaramay, unga kuniga 5-6 marta angiokateter qo‘yilgan. Kateter dastavval qo‘l tomiriga, ko‘karishlar yuzaga kelganidan so‘ng bo‘yin sohasiga ko‘chirilgan. Qo‘ldagi ko‘karishlar keyinchalik qorayib ketgan. Chap qo‘lning tepasidan bilak qismigacha to‘qroq ko‘karish, bilakdan barmoqning uchigacha to‘liq qorayish yuzaga kelgan. Shifokorlarga barmoqchalarga “Vishnevskiy” mazidan surtishni tavsiya qilgan.
3-4 kun o‘tib ham qo‘ldagi ko‘karishlar ketmagan, keyin davolovchi shifokor gematologni chaqirgan. Gematolog tomirga quyuq qon tiqilgani, ko‘lida tromb hosil bo‘lganini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng qon tahlili topshirilgan, chaqaloqning qoni qoni quyuq chiqqan.
“Shu analizlarni aslida shifoxonaga kelganimizda olishlari kerak edi, qo‘li ko‘kargandan keyin emas”, – deydi ona.
Chaqaloqning holati o‘nglanavermagach, u sun’iy nafas berish apparatiga ulangan. 10 kuncha bu apparatga ulangan holda yotgan, antibiotiklar ta’sir qilmay, isitmasi tushmagan. U vaqtda qizaloqqa bo‘lim mudiri S.A. qarashni boshlagan.
“Bo‘lim mudiri bolangiz Covid bo‘lgan, shuning asorati deb aybni o‘zimizga qo‘yyapti. Koronavirus bor-yo‘qligini bolnitsada 24 kun yotganimizdan keyin tekshirishdi, boshida qilishi kerak bo‘lgan ishlarni kech boshlashdi”, – deydi ona.
Chaqaloqning buvisi ta’kidlashicha, qizaloqning ahvoli o‘nglanavermagach shifokorlar unda yurak porogi borligini aytishgan:
“Bu holatdan keyin shifokorlar tomonidan nabiramga yurak porogi bilan tug‘ilish tashxisi qo‘yilib, shu sabab qon oqimi buzilgani va qo‘l tomirlarga kapelnitsa qo‘yilgan vaqtda tromb hosil bo‘lgani ma’lum qilindi. Vaholanki, chaqaloq dunyoga kelganda unda yurak porogi bilan tug‘ilish holati aniqlanmagan, buni tug‘uruqqa mas’ul bo‘lgan shifokor ham tasdiqlaydi”, — deydi Hadichaning buvisi
Qizaloqning qo‘lidagi ko‘karishlar tarqamay, holat og‘irlashib ketaverganidan keyin shahardagi boshqa malakali shifokorlar ham uni ko‘rikdan o‘tkazgan. Ammo kech qolingani, amputatsiya qilinmasa, bolaning hayotini saqlab qolish ilojsiz bo‘lishini ma’lum qilgan.
“Moskva hamda Hindistondagi shifokorlarga ham aloqaga chiqdik. Toshkentdagi juda ko‘p doktorlar keldi. Hamma bir xil javob berdi: amputatsiya… amputatsiya. Balki, davo choralari o‘z vaqtida to‘g‘ri qo‘llanilganda, nabiramning qo‘lini saqlab qolardik”, – deydi buvi.
Chaqaloqning uydagilari amputatsiya amaliyotini o‘tkazishga noiloj ko‘ngan, 8 yanvar kuni qizaloq operatsiya qilingan.
“1 soat o‘tar-otmas qizimni chap qo‘lsiz qilib olib chiqib berishdi. Hozir ahvoli, yaxshi lekin butun umrga nogiron bo‘lib koldi. “Minzdrav” ishni yopti-yopti qilmasdan, aybdorlarga jazo berishini so‘rardim. Bo‘lim mudiridan tortib hamshirasigacha. Ishini to‘g‘ri qilmagani uchun ishdan bo‘shatilishlarini talab qilaman, axir bu yoqda yana yuzlab bolaning hayoti haqida gap ketyapti”, – deydi ona.
Onaning so‘zlariga ko‘ra, qo‘ldagi ko‘karishlar chaqaloqqa angiokateter noto‘g‘ri qo‘yilgani va tomirda ko‘p “podkoja” ketganidan bo‘lishi mumkin, sabab to‘liq aniqlanmagan, tekshiruvlar olib borilmoqda. Sud-tibbiyot ekspertizasi hali taqdim etilmagani yo‘q.
Buvisining aytishicha, chaqaloqning kesilgan qo‘li ekspertiza qildirish uchun so‘ralganda uning oila a’zolariga berilmagan.
Kun.uz muxbiri holat yuzasidan ikkinchi tomonning ham fikrini olishga urindi. Biroq qizaloqni davolash jarayonida ishtirok etgan barcha shifokorlar holat yuzasidan prokuraturaga chaqirilgani bois ular bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan e’lon qilingan rasmiy munosabatda bemor Toshkent shahar 1-son bolalar klinik shifoxonasiga tana haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal, xirillash, hansirash, bezovtalik va holsizlik kabi shikoyatlar bilan olib kelingani, dastlabki tekshiruv davomida unga “Shifoxonadan tashqari pnevmoniya” tashxisi qo‘yilgani, bemorning ahvoli shifokorlar tomonidan og‘ir deya baholanib, darhol muassasaning chaqaloqlar va chala tug‘ilgan chaqaloqlar patologiyasi bo‘limiga gospitalizatsiya qilingani ta’kidlangan.
“Bo‘limda gematolog, angioxirurg, bolalar jarrohi, neonatal-jarroh kabi tor soha mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan qo‘shimcha va klinik tibbiy tekshiruvlar natijasida bemorga “Asosiy: Sepsis. Septitsemiya. Covid-19 etiologiyali shifoxonadan tashqari pnevmoniya” asosiy tashxisi hamda “Tug‘ma yurak nuqsoni-bo‘lmachalararo to‘siq nuqsoni” kasalligi va uning asorati bo‘lgan “Nafas yetishmovchiligi 1-2-daraja. Yurak-qon tomir yetishmovchiligi 1-2-a darajasi” tashxisi qo‘yilgan.
Muassasada davolanish vaqtida qizaloqda “Chap tomonlama yelka arteriyasi tromboyemboliyasi, chap qo‘l va chap qo‘l panjasida qon aylanishining 3-a darajali o‘tkir buzilishi, poliorgan yetishmovchiligi” kuzatilgan.Shu bois bemor hayotini saqlab qolish maqsadida amputatsiya o‘tkazishga qaror qilingan va ota-onasining roziligi bilan unda jarrohlik aralashuvi amalga oshirilgan”, – deyiladi rasmiy munosabatda.
Ayni paytda mazkur holat Cog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan to‘liq nazoratga olinib, vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Yakuniy xulosalar bo‘yicha jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytilgan. Chaqaloqning ahvoli hozirda barqaror holatda.
Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.