Qayd qilinishicha, go‘sht yo‘nalishidagi parrandaning 1-tartibli genetikasini tashkil qilish boshlangan. Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda endi buni tuxumchilik bo‘yicha ham yo‘lga qo‘yish mo‘ljallanmoqda.
Parrandachilik kooperatsiyasi bo‘yicha Andijon, Namangan, Samarqand va Xorazmda yaxshi tajribalar borligi qayd etildi.
Masalan, Qo‘shrabot tumanidagi “Yetti xazina” korxonasi xonadonlarga emlangan tovuq, qafas va yem tarqatib, tuxumini o‘zi sotib olayapti. Bunday loyihalarni barcha viloyatlarda qilib, mahsulot va ish o‘rinlarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi. Bunga 50 million dollar yo‘naltirilishi belgilandi.
Vaqtincha to‘xtab qolgan yoki kam quvvatda ishlayotgan parrandachilik korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirib, faoliyatini yaxshilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yaylovlarning deyarli yarmidan foydalanilmayapti. Chunki yaylov o‘simliklari urug‘chiligi rivojlanmagan, suv inshootlari va quduqlar yetishmaydi. Bunday maydonlarning xaritasi va ijarasi raqamlashtirilmagan.
Shu bois yaylovlarni Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tizimiga o‘tkazish taklif etildi. “E-yaylov” elektron xaritasi ishlab chiqilib, har bir maydon ushbu tizimga kiritiladi. Unda chorva, ekin yoki geologiyaga mo‘ljallangan joylar aniq namoyon bo‘ladi.
Bunday maydonlar eng ko‘p bo‘lgan 7 ta viloyatda yaylov xo‘jaliklari tashkil qilinadi. Ular o‘rmon xo‘jaliklari kabi yaylovlarni asrash va samarali foydalanishga mas’ul bo‘ladi. Yaylov xo‘jaliklaridagi yerlar auksion orqali chorva boqish, pista, bodom kabi ko‘chatlarni ekish uchun aholiga 30 yilga ijaraga beriladi.
Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, yaylovlarni degradatsiyadan chiqarish, qo‘shimcha quduqlar qazish va yaylov urug‘chiligini tashkil qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Bu yil 500 ming gektar yaylovda 1 million bosh qo‘yni tartibli boqish bo‘yicha namunaviy loyiha amalga oshirilishi aytildi.
Chorvachilik va parrandachilik korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Yangi loyihalar va kooperatsiya hisobiga aholi bandligini oshirib, kambag‘allikni qisqartirish muhimligi ta’kidlandi.