O‘zbekiston 2024 yilda 628 mln dollarlik gaz eksport qilib, bundan 2,5 barobar ko‘p – 1,68 mlrd dollarlik gaz import qildi. Bu Statistika agentligi e’lon qilgan hisobotdan ma’lum bo‘lmoqda.
Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonning gaz importi bir yil ichida qiymat jihatdan 2,4 barobarga oshgan. 2023 yilda Turkmaniston va Rossiyadan 694,9 mln dollarlik gaz sotib olingan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 1,68 mlrd dollarga yetgan.
2024 yildagi zangori yoqilg‘i importini 2022 yil (281,9 mln dollar) bilan taqqoslaganda, o‘sish 6 barobarni tashkil etadi.
O‘tgan yili gaz eksporti ham oshgan. 2023 yilda xorijga 529,9 mln dollarlik gaz yetkazib berilgan bo‘lsa, 2024 yilda eksport qiymati 18,4 foizga oshib, 627,6 mln dollarni tashkil etdi. Eksport o‘tgan yili iyun oyidan boshlab keskin faollashgan.
Gaz eksporti va importi qiymatlari o‘rtasidagi manfiy farq 985,1 mln dollarga teng bo‘ldi.
O‘zbekiston ilk marta tabiiy gazning netto importchisiga aylangan 2023 yilda ushbu farq 165 mln dollar bo‘lgandi.
2024 yilning dekabr oyida 34,2 mln dollarlik yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 67 foizga ko‘p gaz eksport qilingan. Yilning so‘nggi oyida 127,9 mln dollarlik gaz import qilingan bo‘lib, bu 2023 yilning dekabriga nisbatan 3,3 foizga kam.