Apple ketma-ket ikkinchi yil dunyoning eng qimmat brendiga aylandi. Bu haqda Brand Finance Global 500 ro‘yxatida so‘z boradi.
Apple brendining qiymati bir yil ichida 11 foizga — 574,5 milliard dollargacha qimmatlashgan.
Reytingda ikkinchi o‘rinni 35 foizlik o‘sish bilan (461,1 milliard dollar) yana Microsoft egalladi. Undan keyingi pog‘onalarni Google (+24 foiz, 413 milliard dollargacha) hamda Amazon (+15 foiz, 356,4 milliard dollargacha) band etgan.
Walmart brendi esa oltinchi o‘rindan beshinchiga ko‘tarildi — yil davomida uning qiymati 42 foizga oshgan (137,2 milliard dollargacha).
Dunyoning eng qimmat brendlari qatoridan Samsung (110,6 milliard dollar), TikTok (105,8 milliard dollar), Facebook (91,5 milliard dollar), Nvidia (87,9 milliard dollar) va State Grid Corporation of China (85,6 milliard dollar) o‘rin olgan. Ta’kidlanishicha, Nvidia brendi qiymati bir yil ichida qariyb ikki baravarga ko‘tarilgan.
Yevropadagi eng qimmat brend deya Deutsche Telecom tan olingan — u 85,3 milliard dollarlik ko‘rsatkich bilan umumiy reytingda 11-pog‘onani band etgan. Yapon brendlariga Toyota yetakchilik qilgan — umumiy ro‘yxatda 18-o‘rin (+23 foiz, 64,7 milliard dollar).
Top-500 ro‘yxatdan Amerikaning 193 ta brendi, Xitoyning — 69 ta, Germaniyaning — 27 ta brendi o‘rin olgan. Dunyodagi eng qimmat 500 ta brendning umumiy qiymati o‘tgan yilda 10 foizga, qariyb 9,5 trillion dollargacha oshgan.