Jahon | 14:47 / 29.11.2023
8070
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada safarbar qilinganlarning qarindoshlari fleshmobi kuchayib bormoqda

Safarbarlikka chaqirilgan rossiyaliklarning xotinlari Ukrainaga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlovchi ramzlardan foydalanib, erlarini uyga qaytishga chaqiruvchi stikerlarni mashinalariga yopishtirishni boshladi.

Foto: Telegram / Put Domoy

Safarbarlikka chaqirilgan rossiyaliklarning qarindoshlari ularni frontdan qaytarishga intilib, Ukraina urushini qo‘llab-quvvatlash belgilaridan foydalangan holda avtomobillarga shiorlar yozilgan stikerlarni yopishtirib, umumrossiya fleshmobi uyushtirdi. 28 noyabr, seshanba kuni butun mamlakat bo‘ylab safarbar qilinganlarning yaqinlarini birlashtirgan «Uyga yo‘l» Telegram-kanalida fleshmobda ishtirok etgan mashinalar tasvirlari e’lon qilindi

Safarbar etilganlarning qarindoshlari murojaati 

Kuni kecha safarbar qilingan rossiyaliklarning qarindoshlari va do‘stlari ularni frontdan qaytarishga urinib, yordam so‘rab «Rossiyaning ko‘p millatli xalqiga» murojaat qildi. «Bu barchaga murojaat, to‘g‘rirog‘i, yordam chaqirig‘i. Bizning fojiamiz sizning ko‘z o‘ngingizda ro‘y bermoqda, bunga yolg‘iz chidab bo‘lmaydi! Biz hamma eshiklarni taqillatganmiz. Davlatimiz yordam chaqirig‘iga birinchi bo‘lib javob berganlardan yuz o‘girdi. Birinchi navbatda, safarbar etilganlarning o‘zlari va yaqinlaridan», — deyiladi murojaat boshida. 

Uning mualliflari «deyarli umid qolmagan» deb yozgan. «Hech birimizning ishonchimiz qolmagan. Ko‘pchilikning kelajagi ham yo‘q. Lekin, ma’lum bo‘lishicha, biz saylovchilar yoki fuqaro emasmiz, balki endi umuman odam emasmiz», deyiladi murojaatda. Ular Rossiyada zaxiradagilar chaqirilmasligiga va’da berilgani, keyin esa «aslida va’dalar soxta bo‘lib chiqqanini» eslatdi. 

«Ko‘pchilik qaytib kelmaydi. Safarbarlik dahshatli xato bo‘lib chiqdi. Biz qonunga bo‘ysunuvchi tabiatimiz uchun jazolandik. Erkaklarimiz barqarorlik uchun qon bilan, biz esa sog‘lik va ko‘z yoshlar bilan tovon to‘laymiz», - deyiladi murojaatda. Mualliflar halok bo‘lganlar va yaradorlar uchun davlat tomonidan taqdim etilayotgan to‘lovlar va imtiyozlarni ularning «og‘zini yopishga» urinish deb atadi. «Odamning hayoti narxi haqida gap ketganda, men bunday jirkanch taklifni berishga jur’at etganlardan nafratlanaman», deb ta’kidlaydi ular.  

Safarbar qilinganlarni uyga qaytarishga chaqiruvchi aksiyalar

So‘nggi oylarda Rossiyada safarbar qilinganlarning oilalari Ukrainadagi urushda bir yildan ortiq vaqt o‘tkazgan erkaklarning vatanga qaytishini talab qilib, tobora ko‘proq aksiya uyushtirmoqda. Ular urushga safarbar etilganlarning maksimal muddatini bir yil bilan cheklashni, barcha yaradorlarni ortga qaytarishni va armiyaga chaqirib bo‘lmaydigan kasalliklar ro‘yxatini kengaytirishni talab qilmoqda. 

Mahalliy hokimiyatlar COVID-19 pandemiyasi sabab fuqarolarga Rossiya bo‘ylab miting o‘tkazishga ruxsat bermayapti. Kreml talablarga izoh bermadi. 7 noyabr kuni Moskvadagi piketdan so‘ng, «harbiy muxbir» Aleksandr Sladkov rahbariyatning «hozir hamma maxsus harbiy operatsiya oxirigacha kurashmoqda» degan so‘zlari haqida yozdi. Sladkovning so‘zlariga ko‘ra, «muxbirlar bilan so‘nggi uchrashuvda» safarbar etilganlarni rotatsiya qilish va frontdan qaytarish rejalari yo‘qligi haqida gapirilgan. 

Mavzuga oid