Iqtisodiyot | 17:32 / 20.09.2022
104887
2 daqiqa o‘qiladi

2023 yildan pensiyalar oshadi – bu kimlarga tatbiq etiladi?

1 yanvardan pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobarigacha oshiriladi. 

Prezident “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini imzoladi. 

Bu haqda pensiya jamg‘armasi xabar bermoqda.

 Unga muvofiq, 2023 yilning 1 yanvaridan pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobarigacha oshiriladi.

Pensiya jamg‘armasining tushuntirishicha, yangi tartib nafaqat 2023 yil 1 yanvardan keyin pensiyaga chiqadigan fuqarolar uchun, balki 2023 yil 1 yanvardan oldin tayinlangan pensiyalar uchun ham tatbiq etiladi.

Ya’ni o‘rtacha ish haqi pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobari (bugungi kunda 3 240 000 so‘m)dan yuqori bo‘lgan pensionerlarning pensiyasi 2023 yil 1 yanvardan qayta hisoblanadi.

Shunda o‘rtacha ish haqi pensiyani hisoblash bazaviy miqdori 3 888 000 so‘m bo‘ladi. 

Natijada, 352 mingdan ortiq fuqaroning pensiyasi qaytadan hisob-kitob qilinadi va kelgusi yilda Pensiya jamg‘armasidan qo‘shimcha ravishda 1,5 trln so‘mdan ortiq mablag‘lar ajratiladi.

Avvalroq Pensiya jamg‘armasi mas’uli Kun.uz bilan suhbatda 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab 3 toifa nafaqalarini tayinlash proaktiv tizimga o‘tayotgani borasida gapirib bergandi.

Mavzuga oid